Jahon | 08:07 / 16.05.2021
28034
7 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi urushning oltinchi kuni: Qochqinlar lageriga hujum va jurnalistlar joylashgan binoning vayron qilinishi

Isroil HAMAS guruhi bilan qurolli ziddiyat davomida G‘azo sektoridagi yana bir ko‘p qavatli binoni to‘la vayron qildi, u yerda bir necha xorijiy nashrlarning, shu jumladan, «Assoshieyted press» va «Al-Jazira» telekanalining mahalliy tahririyatlari joylashgandi.

Foto: Getty Images

Isroil mudofaa armiyasi (IDF) shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 7:00dan soat 21:00gacha G‘azo sektoridan Isroil tomonga 278ta raketa uchirilgan, shundan 40tasi Isroil hududiga yetib bormay, sektor ichiga qulagan.

HAMAS nazoratida bo‘lgan G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, G‘azoda ziddiyat boshlangan dushanba kunidan buyon kamida 145 kishi halok bo‘lgan, shundan 41 nafari bolalar. Isroil tomoni esa 10 nafar qurbon haqida ma'lumot bergan.

Isroil aviatsiyasi shanba kuni tongida yana G‘azo sektorini o‘qqa tutishga kirishdi. Falastin tomoni ma'lumotiga ko‘ra, shanba kuniga o‘tar kechasi G‘azodagi obektlarga aviazarbalar berilishi oqibatida 15dan ortiq kishi halok bo‘lgan, qurbonlar orasida bolalar ham bor. Snaryadlardan biri qochqinlar lageriga tushgan, natijada bir oila a'zolari bo‘lgan 10 kishi halok bo‘lgan. Vayronalar ostidan bir besh oylik chaqaloq tirik holda topilgan.

Xorijiy nashrlar xodimlari evakuatsiyasi

G‘azoda balandligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi 12 qavatli Jala Tower binosi ham Isroil aviatsiyasi hujumiga uchragan, bu binoda Amerikaning «Assoshieyted press» va Qatarning «Al-Jazira» telekanalining mahalliy bo‘limlari joylashgandi. Shuningdek, minorada 60 kvartira bo‘lgan.

Hujum boshlanishiga bir soat vaqt qolganida telefon orqali bino egasi Javod Mehdini ichkaridagi odamlarni evakuatsiya qilish lozimligi to‘g‘risida ogohlantirishgan.

Telefon qo‘ng‘irog‘i vaqtida Mehdining oldida bo‘lgan «Frans press» jurnalistlari Mehdi go‘shakning narigi tomonida turgan ofitserga imkon qadar ko‘proq texnikani olib ketishi uchun yana qo‘shimcha 10 daqiqa berilishini so‘rab yolvorgani haqida yozishgan, ammo uning iltimosiga parvo qilinmagan.

Ammo Isroil armiyasi tartibi bilan tanish bo‘lgan manbaning aytishicha, isroillik harbiylar hujumi haqida ogohlantirgan zobit harbiy amaliyotning borishiga ta'sir qilish imkoniga ega bo‘lmagan.

Manbalarning aytishicha, amaliyot ko‘lamidan qat'i nazar, uni tayyorlashda yuzlab kishilar ishtirok etadi. Harbiy-havo kuchlaridan tashqari, uni boshqa kuchlar ham qo‘llab-quvvatlab turishadi.

Isroil mudofaa armiyasi vakilining aytishicha, Jalaa Tower binosiga hujum qilinishining sababi, u yerda OAV tahririyatlaridan tashqari HAMAS razvedka shtabi ham joylashgandi. U guruh uchun bu odatiy holat ekani - ular xavfsizlikni ta'minlash uchun muhim tuzilmalarini aholi zich yashovchi hududlarda joylashtirishini aytadi.

Bino egasi esa binoda HAMAS bilan bog‘liq hech qanday muassasa bo‘lmaganini ta'kidlagan.

«Assoshieyted press»ning Nyu-Yorkdagi bosh ofisidagilar G‘azodagi tahririyat binosi yer bilan bitta qilinganidan karaxt ahvolga tushishgani haqida aytishgan. Ammo birorta nashr o‘z xodimlari jabrlangani haqida xabar bermagan.

Bu binoning buzilishi AQSh prezidenti Jo Bayden va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘rtasidagi telefon muloqotining mavzularidan biri bo‘lgan. Bayden jurnalistlar muhofazasi muhimligini ta'kidlagan. Netanyahu esa Isroil «begunoh fuqarolarga zarar yetkazilmasligi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishi»ni aytib o‘tgan.

Isroil tomoni ma'lumotiga ko‘ra, falastinliklar uchirgan raketalardan biri Ramat-Gan shahridagi turar joyga kelib tushgan va buning oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Mamlakatning markaziy hududida ham yana bir fuqaro qurbon bo‘lgan.

Diplomatiya ishlamoqda

Shanba kuni AQSh davlat departamenti rahbarining Isroil va Falastin ishi bo‘yicha yordamchisining o‘rinbosari Hodi Amr Isroilga keldi. AQShning Isroildagi elchixonasi xabar qilishicha, uning tashrifidan maqsad mintaqada «tinchlikni tiklash uchun sa'y-harakatlarni kuchaytirish» hisoblanadi. Amaldorning Tel-Avivga tashrifi BMT Xavfsizlik kengashining yakshanba kunga mo‘ljallangan yig‘ilishi arafasida ro‘y berdi.

Misr ham ziddiyatni to‘xtatish uchun diplomatik harakatlar olib bormoqda. Reuters agentligi ushbu mamlakat xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asoslanib xabar qilishicha, Qohira juma kunidan buyon ikki tomonni ham o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘ndirishga urinib kelmoqda.

Misr TIV xabar berishicha, Misr va Iordaniya tashqi ishlar vazirlari G‘azodagi ziddiyatga barham berish uchun harakatlarni kuchaytirish masalasini muhokama qilishgan.

«Juma kungi muzokaralar jiddiy va konstruktiv ruhda o‘tdi. Misr, Qatar va AQShdan bo‘lgan vositachilar tinchlikni tiklash uchun ziddiyat ishtirokchilari bilan aloqalar o‘rnatishdi, ammo hozircha bu borada kelishuvga erishilmadi», degan Falastin tomoni vakili.

Juma kuni BAA hukumati ham barcha tomonlarni sulh tuzishga chaqirib, qurolli mojaro qurbonlarining yaqinlariga hamdardlik bildirgandi.

Jyeremi Bouen, BBC ning Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha muharriri

2007 yilda G‘azo sektori nazorati HAMASga o‘tganidan buyon ushbu guruh va Isroil o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatlarning barchasining yakuniy natijasi deyarli bir xil.

Xorijiy vositachilar tinchlik sulhi uchun qator variantlarni ishlab chiqishadi. Hozir ham amerikaliklar, misrliklar, BMT va jarayonning boshqa ishtirokchilari aynan shunga erishish uchun intilishmoqda.

Bular ish berishi uchun, ikki tomon ham o‘z xalqiga urushda ular g‘alaba qilganini aytish imkoniga ega bo‘lishi talab etiladi.

HAMAS nafaqat G‘azodagi, balki G‘arbiy qirg‘oqdagi, shu jumladan, Quddusdagi falastinliklarning ham haqiqiy himoyachisi hisoblanishini aytishni istaydi.

O‘z navbatida, Isroil o‘z fuqarolariga HAMASning infratuzilmasiga jiddiy shikast yetkazganini namoyish etishni istaydi. Odatda «tiyilish siyosatiga qaytish» iborasi qo‘llanadi. Bu dushmanlarga Isroilga qilingan hujum faqat ularning o‘ziga azob-uqubat keltirishini anglatish demakdir.

Nima bo‘lmasin, har ikki tomon ham jabrlangan oilalar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun taskin beruvchi so‘zlarni topishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid