Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 10 yilgacha qamoq jazosiga olib keluvchi 3 ta yirik korrupsion ayblovlar bilan yuzma-yuz turibdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 30 noyabr kuni prezident Isxak Gersogga rasman murojaat qilib, o‘zini afv etishini so‘radi. Netanyahu Isroil davlatida 2019 yilda ochilgan uchta alohida korrupsion ishlar – pora olish, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda.

Isroil prezident devoni «barcha tegishli xulosalar olinganidan so‘ng prezident bu so‘rovni mas’uliyat va vijdonan ko‘rib chiqishini» bildirgan. Ammo bu qaror qachon qabul qilinishiga aniqlik kiritilmagan.

Isroilda prezident asosan ramziy funksiyalarni bajaradi, ammo konstitutsiyaviy qonunlar unga «jinoyatchilarni afv etish, ularga nisbatan jazoni yumshatish va almashtirish» vakolatini beradi.

Al-Jazeera nashri Netanyahu ustidan besh yildan buyon davom etayotgan sud jarayonlari va unga qo‘yilgan ayblovlar haqida ma’lumot to‘pladi.

Netanyahu qanday jinoyatlar sodir etishda ayblanmoqda?

1-ayblov: 1000-ish — «Sovg‘alar ishi»

Netanyahu 2014–2017 yillarda aloqa vaziri bo‘lib ishlagan davrida firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda. Bu ayblov u hukumat tepasiga kelganida – 2019 yilda e’lon qilingan.

Aybnomaga ko‘ra, Netanyahu va rafiqasi Sara – isroillik Hollivud prodyuseri Arnon Milchan va avstraliyalik milliarder Jyeyms Pakerdan qariyb 200 ming dollarlik qimmatbaho sovg‘alar: shampan va sigaralar olgan.

Chapdan: Jyeyms Paker va Arnon Milchan. Foto: Getty Images

Milchan 2020 yildagi so‘roq jarayonida Netanyahuga sovg‘alar berganini tasdiqlagan. Milchanning shaxsiy yordamchisi Hadas Klayn ham 2023 yil sudda guvohlik berib, Netanyahu sovg‘alarni shaxsan so‘raganini aytgan. Bu sovg‘alar xarajatlarini Milchan va Paker o‘zaro bo‘lib to‘lagan.