19:31 / 22.05.2021
30375

Toshkent shahar IIBB xodimi xizmat mashinasida jiddiy YTH sodir etdi

Guvohlarning aytishicha, Nexia-3 rusumli xizmat mashinasidagi xodimlar mast holda bo‘lishgan. Spark'dagi yo‘lovchilar jiddiy jarohat olgani, ulardan biri komada ekani aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Facebook'da tungi paytda bir avtomobilning qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, ro‘paradan kelayotgan mashina bilan to‘qnashgani aks etgan video paydo bo‘ldi.

Post muallifining ma'lum qilishicha, ichki ishlar tizimiga tegishli Nexia-3 rusumidagi xizmat avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, Bo‘stonliqdan Toshkent shahriga qaytayotgan Spark rusumli mashina bilan to‘qnashgan. Video Spark'dagi videoregistratorga yozib olingan.

Xabar muallifi Timur Tursunov xizmat mashinasidagi xodimlar mast bo‘lganini aytmoqda. U xodimlar necha nafar bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. Ta'kidlanishicha, Nexia bilan to‘qnashgan Spark avtomashinasi yo‘lovchilari jiddiy jarohat olgan va ulardan birining ahvoli og‘ir.

Jarohatlanganlar shifoxonaga yetkazilishidan oldin va undan keyin ham YTH qay tarzda va kimning aybi bilan sodir bo‘lgani bo‘yicha hech qanday hujjat rasmiylashtirilmagan. Shu bilan birga, Nexia-3 avtomobilida bo‘lgan shaxslar spirtli ichimlik ichgan yoki ichmagani bo‘yicha ekspertizadan o‘tmagan, aksincha, jabrlanuvchilardan ekpertiza uchun namuna olingan va ularning qonida alkogol aniqlanmagan.

Shuningdek, xabar muallifi IIBB xodimlari bu ishni yashirishga urinayotgani va jabrlanganlarga bosim o‘tkazilayotgani haqida yozib, jamoatchilikdan adolat qaror topishida yordam so‘ragan.

Ammo, hodisa aks etgan videoyozuvga e'tibor qaratilsa Spark avtomobili haydovchisi o‘z yo‘nalishida paydo bo‘lgan xavfdan sarosimaga tushgani va yo‘nalishini darhol qarama-qarshi tomonga burib yuborganini, ayni shu vaqtda Nexia-3 ham o‘z yo‘nalishiga qaytgani ortidan mazkur to‘qnashuv sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati YTHga uchragan avtomashina ushbu boshqarmaga tegishli ekani va rulda ichki ishlar xodimi bo‘lganini tasdiqladi.

«Haqiqatdan, 16 may kuni taxminan soat 04:00larda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida salonida Toshkent shahar IIBB xodimi X.Sh. bo‘lgan Nexia-3 rusumli Toshkent shahar IIBB xizmat avtomobili (davlat raqami 01 924 VSC) ishtirok etgan.

Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston IIV O‘z xavfsizlik boshqarmasi tomonidan xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Prokuratura tomonidan sodir bo‘lgan YTH yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv davomida sud-tibbiyot ekspertizasi va boshqa bir qator ekspertizalar tayinlangan. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, X.Sh.ning harakatlariga huquqiy baho beriladi», – deyiladi IIBB xabarida.

Qayd etilishicha, YTH sababchisi bo‘lgan xodim ayni paytda xizmat vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan.

Poytaxt IIBB o‘z axborotida jabrlanuvchilarning ahvoli haqida ma'lumot bermagan.

Shuningdek, avtomobil salonida bo‘lgan boshqa ichki ishlar organlari xodimlarining shaxsiga ham aniqlik kiritilmagan.

Toshkent shahar IIBB YHXBB matbuot xizmati rahbari Muzifa Sultonovaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, bu ma'lumotlar tergovga qadar tekshiruvdan keyin ochiqlanadi.

Avvalroq Chiroqchida IIB xodimi maktab o‘quvchisini shaxsiy mashinasida urib ketgan, Farg‘onada milliy gvardiya xodimi xizmat mashinasida urib yuborgan shaxs vafot etgandi.

Top