O‘zbekiston | 11:58 / 28.05.2021
22274
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo yaylovlariga zararli chigirtkalar yopirildi

Qashqadaryo yaylovlariga Marokash zararli chigirtkalari yopirilgan va ularga qarshi kurashish tadbirlari boshlangan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, qo‘shni respublika hududidan Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani Xujapalas qishlog‘i yaylovlariga, shuningdek, G‘uzor tumanidagi Taxam, Janqara, Kengsoy yaylovlariga zararli Marokash chigirtkalarining katta to‘dalari uchib o‘tayotgani aniqlangan.

Zoyir Mirzayev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan tezkorlik bilan ushbu hududlarda otryadlar tuzilib, ularga 74 turdagi ishlov tadbirlarini amalga oshirish texnikalari jalb etilgan. So‘ng zararli chigirtkalarga qarshi samarali kimyoviy ishlovlar o‘tkazish boshlab yuborilgan. Chigirtka yopirilgan hududlarda 24 soat ishlaydigan maxsus shtab tashkil qilingan.

Qayd etilishicha, viloyatda zararli chigirtkalarga qarshi 140 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shundan G‘uzor, Dehqonobod, Qamashi, Nishon, Mirishkor, Chiroqchi va Shahrisabz tumanlari yaylovlarida 88,5 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar berish yakunlangan.

Ta'kidlanishicha, viloyatda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish ishlari uchun zaruriy qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Ushbu mablag‘lar yana 20 ming gektar yaylovlarga ishlov tadbirlari olib borish uchun kimyoviy vositalar, yoqilg‘i va texnikalar uchun ehtiyot qismlar xarid qilishga sarflanadi.

Soha mas'ullarining bildirishicha, 10 iyungacha zararli chigirtkalarga qarshi samarali ishlar amalga oshirilib, ularni boshqa viloyatlarga o‘tib ketmasdan yo‘q qilishga erishiladi.  

Mavzuga oid