2020 yil 21 iyun kuni Andijon viloyati Asaka tumanida mudhish hodisa yuz berdi. 9 yoshli norasida go‘dak o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirib ketildi.

Bosh prokuratura olib borgan tergov harakatlari natijasida ushbu jinoyatni marhumaning qo‘shnisi Asroraxon Hamdamova sodir etgan deb topildi.

Unga nisbatan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish, bosqinchilik, o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari bo‘yicha ayblovlar e'lon qilinib, ishi sudga oshirildi.

Ammo, Asroraxon Hamdamovaga qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik va o‘g‘rilik bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlar sudda o‘z isbotini topmadi. Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining shu yil 5 maydagi hukmi bilan u oqlandi va sud zalidan ozod etildi.

Hali yoshiga to‘lmagan chaqalog‘i bo‘lsa-da, qariyb 10 oy vaqt qamoqda yashagan qahramonimiz va uning advokati huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining ruhiy va jismoniy tazyiqlari, tergov organining noqonuniy harakatlari va qanday qilib soxta dalillar asosida ayblov e'lon qilingani haqida Kun.uz'ga so‘zlab berishdi.

«Stolda o‘tirganimda qayoqdan kelib urganini bilmay qoldim, peshonamda ko‘kargan joylari anchagacha ketmadi» — Asroraxon Hamdamova hikoyasi

— 2020 yil 21 iyun kuni soat 5lardan o‘tganda bolam bilan o‘z ota uyimga ketmoqchi edim. Kiyinib tayyor bo‘lganimda qo‘shni hovlidan baqir-chaqir ovozlar eshitildi. Keyin tashqariga chiqqanimizda qo‘shnimiz 9 yoshli Qunduzoy o‘ldirib ketilganidan xabar topdik. Men biroz avval Qunduzoyni o‘zlarining xovlilarida ko‘rgan edim. Shu bois hammamiz hayratda qoldik. Men qo‘shnimizning bolalarini juda yaxshi ko‘rardim.

Ko‘p o‘tmay bizning uydagilarning hammalarini, turmush o‘rtog‘im va qaynukalarimni tergovga olib ketishdi. Kechga yaqin meni ham tergovga chaqirishdi. Borganimda birinchi gaplashganim meni tergov qilgan Sanjar aka bo‘lgan. Sanjar aka, yana bitta organ xodimi menga savollar berishdi. Oxirgi marta qachon ko‘rganimni aytib berdim. O‘sha kuni kechki payt uyga qaytib keldik.

Uyga kirganimizda oyijonim tergovda nimalarni so‘rashgani bilan qiziqdi. Oyijonim ekspertiza Qunduzoy nomusiga tegilgan chiqqanini aytdi. Ertasi kundan yana tergovga chaqirildim. Meni har gal Umid aka Karimov ertalab tergovga chaqirib, kechgacha o‘zi televizor tomosha qilib, xohlagan narsasini olib kelib yeb, mendan hech qanaqa savol so‘ramasdan, kechgacha, soat 9-10 gacha meni olib o‘tirib, 9-10dan keyin soatiga qarab, bo‘ldi, endi ketavering der edi. Nimaga meni chaqirib olib, ushlab o‘tiribsiz, emizikli bolam bor deyishimga qaramasdan, tergovga chaqiravergan.