– Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, xalqona aytadigan bo‘lsak, Lex.uz platformasi ayni paytda bepul. U qachondir pulli platformaga aylanishi mumkinmi, umuman, uning faoliyatida qandaydir yangiliklar bo‘lishi kutilmayaptimi?

– Lex.uz platformasi – haqiqatan ham faxrlanish mumkin bo‘lgan platforma. Buni qo‘rqmay aytishim mumkin. Juda ko‘p davlatlardagi ana shunday platformalarni kuzataman, bu aholining huquqiy axborotga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash uchun juda katta vazifani bajarib turibdi.

Shuni ta'kidlab o‘tishim kerakki, qonun hujjatlari doim bepul bo‘lib qoladi. Chunki bu davlatning funksional vazifalaridan biri, ya'ni chiqarilgan qaror qayerdadir turishi kerak, uni odamlar ko‘rishi, foydalanishi uchun. Lex.uz qonun hujjatlari e'lon qilinadigan rasmiy nashr hisoblanadi. Ya'ni huquqni qo‘llashda bemalol undagi normalarga tayanish mumkin.

Endi uning pulli bo‘lishiga keladigan bo‘lsak, biz qo‘shimcha funksiyalar joriy qilmoqchimiz. Ya'ni alohida auditoriya uchun mo‘ljallangan har xil sharhlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejamiz bor, buning uchun, albatta, xarajat, mehnat sarf bo‘ladi. Buni qoplash uchun balki monetizatsiya joriy qilinar. Lekin bu – hozircha reja.

Lex.uz’ni takomillashtirish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan. Birinchi navbatda, Lex.uz’ning qidiruv funksiyasi tubdan yangilanadi. Ya'ni hozirgi kunda qidiruv xizmati xato so‘z bilan izlangan hujjatni topib bermaydi. Qaysidir hujjatni topa olishingiz uchun uning nomini yoki so‘zlarni, albatta, to‘g‘ri yozishingiz kerak. Masalan, ayrimlar o‘ziga kerak bo‘lgan hujjatlarni telefonda qidiradi, hamma telefonlarning klaviaturasida o‘,q,g‘,h harflari bo‘lmasligi mumkin. Bunday vaziyatda hujjatni topib bo‘lmaydi. Agar kutilayotgan o‘zgarish joriy etilsa, o‘sha xato so‘zlarni ham topish funksiyasi bo‘ladi.

Furqat Tojiyev

Ikkinchi yangiligimiz bu – ovozli qidiruv funksiyasi. Bu haqda ham tilshunos olimlar bilan ishni boshlaganmiz. Hozirgi vaqtda o‘zbek tilidagi birorta resursda ovozli qidirish funksiyasi mavjud emas. Biz birinchi bo‘lish harakatidamiz. O‘zbekchada bitta so‘z turli shevalarda turlicha talaffuz qilinadi. Shu bois ayni paytda tilshunoslar bilan birgalikda shuning ustida ishlayapmiz. Aslida tilimizda faol ishlatiladigan so‘zlar unchalik ko‘p emas, nari borsa, 11000-12000 ta so‘z. Hech bo‘lmasa, ana shu faol so‘zlarning turli shevalardagi variantlarini baza ko‘rinishida shakllantira olsak, Lex.uz’da ham ovozli qidiruv funksiyasi ishga tushiriladi.