– Shu yilning mart oyida DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqandda uy-joy subsidiyasini olish uchun tavsiyanoma bermoqchi bo‘lgan mahalla raisi 500 dollar pora bilan ushlandi. Shu kabi korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha tizimda nimalar qilinyapti?

– DXA aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda birinchi navbatda shaffoflikni ta'minlash, aholiga tezkor va korrupsiyasiz bo‘lgan xizmatlarni taqdim qilishga o‘zining alohida e'tiborini qaratib kelmoqda. Shunga ko‘ra, nafaqat subsidiyalar berish, balki boshqa ko‘plab davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ham agentlik korrupsiya holatlariga barham berish maqsadida doimiy ravishda sirli mijoz tadbirlarini o‘tkazib keladi. Bundan maqsad davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida shaffoflikka, ochiqlikka erishishni ta'minlash, fuqarolarga qonuniy va belgilangan tartibda murojaatlarining ko‘rib chiqilishini ta'minlash bo‘yicha harakatlarni amalga oshirib keladi.

Shu bilan birga, bizda bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish monitoring bo‘limi mavjud. 2020 yilda DXA korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi. Telegram messenjerida aholini adliya organlari va muassasalarida yuz berayotgan korrupsiya huquqbuzarliklari haqida tezkor xabardor qilish maqsadida maxsus @antikorbot boti ishga tushirilgan. Adliya vazirligining 1008 ishonch telefon raqamlari va agentlikning ishonch telefon raqamlari mavjud. Va qandaydir holatlar bo‘ladigan bo‘lsa, agentlik yoki adliya organlariga xizmat ko‘rsatish jarayonida yuz bergan holatlar bo‘yicha ariza berishsa, harakatimiz samaraliroq bo‘lardi. Chunki bir shaxsning harakati bilan samarali yutuqqa erishish qiyinroq.

Fuqaro arizasi bitta tegishli organ tomonidan hal qilinmaydi. Agar komissiyada hokimlik, iqtisodiyot, moliya, soliq, tijorat banklari qatnashmasa, u vakolatli hisoblanmaydi. Chunki aynan tijorat banki kredit ajratadi. Hokimlik, iqtisodiyot, moliya esa budjetda subsidiya bor yoki yo‘qligi, ajratilayotgan subsidiya maqsadini o‘rganadi va yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, qarorda moliya va iqtisodiyot organlariga alohida bir majburiyat yuklatilgan. Subsidiya maqsadli va to‘g‘ri ajratilayotgani ustidan qat'iy nazorat, javobgarlik aynan shu organlar zimmasida.