2019 yil 28 noyabrda qabul qilingan 5886-sonli prezident farmonida ayrim shaxslarga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lanishi belgilangan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi 182-sonli qarori bilan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlarga uy-joy sotib olishda subsidiyalar to‘lash tartibi tasdiqlangan edi.

Davlat xizmatlari agentligi yetakchi mutaxassisi Abror Maxsudov Kun.uz’ga bergan intervyusida subsidiyalar bilan bog‘liq eng dolzarb savollarga javob qaytardi.

– Davlat tomonidan uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar berish tartibi kuchga kirganiga ham bir yildan oshdi. O‘tgan bir yildan ko‘proq vaqt mobaynida hamyurtlarimizdan bu borada ko‘plar murojaatlar, savollar bo‘lgani tabiiy. Bunday savollar tahririyatimizga tez-tez kelib turibdi. Suhbatimiz avvalida subsidiyalar o‘zi nima va ular kimlarga berilishi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

Mamlakatimizda uy-joy sharoitlarini yaxshilash, aholining uyga bo‘lgan talabi kundan kunga oshib bormoqda. Shundan kelib chiqib, 2019 yilda 5886-sonli prezident farmoni qabul qilindi va shu asosda 2020 yilda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi 182-sonli qarori qabul qilindi. Shu qarorga asosan fuqarolarga subsidiya, ya'ni ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining bir qismini davlat budjetidan qoplab berish maqsadida subsidiya to‘lab berish tartibi nazarda tutildi.

Subsidiya nima? Subsidiya bu fuqarolarimizga ipoteka kreditlari asosida, ya'ni ipoteka krediti asosida bo‘lishi kerak, yangi qurilgan uy-joy bo‘lishi kerak. Yangi ko‘p qavatli uy-joylardan sotib olishda ular qiymatining bir qismi davlat budjetidan to‘lanadigan, qoplanadigan mablag‘lar hisoblanadi. Eslatib o‘tmoqchiman, fuqarolar subsidiyani olgandan so‘ng u qaytarib berilmaydigan, ya'ni davlat tomonidan beg‘araz ajratilgan mablag‘lar hisoblanadi.

– Subsidiyalar mablag‘ning necha foizini tashkil etishi mumkin?