11:58 / 16.03.2021
5296

Samarqandda uy-joy subsidiyasini olish uchun tavsiyanoma bermoqchi bo‘lgan mahalla raisi 500 dollar pora bilan ushlandi

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani «O‘roqli» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi shu mahallada yashovchi ayoldan uni «Ayollar daftari»ga kiritish uchun tavsiyanoma yozib berish va tuman hokimligida ishlaydigan tanishlari orqali uy olib berishni aytib, 500 AQSh dollari so‘rab, pulni olayotgan vaqtda huquqni himoya qilish organlari tomonidan ushlangan. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda yozilishicha, Bulung‘ur tumani «O‘roqli» MFYda yashovchi D.M. huquqni himoya qilish organlariga murojaat qilib, shu MFY raisi Sh.D. uni kam ta'minlangan oilalar uchun qurilayotgan uylarga ehtiyojmand shaxs sifatida mahalla «Ayollar daftari»ga ro‘yxatga olish va tavsiyanoma berish hamda tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali uy olib berish evaziga 500 dollar talab qilganini bayon qilib, unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur murojaat yuzasidan 2021 yil 10 mart kuni DXX Tayloq tuman bo‘limi va Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sh.D. D.M.dan 500 dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 14 mart kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, 2019 yil 28 noyabrda «Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingan. Unda kam ta'minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lanishi belgilangan. 2020 yil 25 martda Vazirlar Mahkamasining 182-sonli qarori bilan ayrim shaxslarga uy-joy sotib olishda (ipoteka kreditlari to‘lovi uchun) subsidiyalar to‘lash tartibi belgilangan.

Top