09:45 / 04.06.2021
6787

Bayden amerikaliklarga Xitoyning 59ta kompaniyasiga sarmoya kiritishni taqiqlab qo‘ydi

Foto: Reuters

Jo Bayden AQSh yuridik va jismoniy shaxslariga Vashington mamlakat xavfsizligiga putur yetkazuvchi deb hisoblaydigan Xitoy kompaniyalariga sarmoya kiritishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. «Qora ro‘yxat»ga 59ta kompaniya tushgan.

«Bu farmon AQSh va uning ittifoqdoshlari xavfsizligi yoki demokratik qadriyatlariga putur yetkazuvchi Xitoy kompaniyalariga investitsiya kiritishni taqiqlashga imkon beradi», deb aytilgan hujjatda.

Taqiq ostiga tushgan kompaniyalar orasida Huawei Technologies Co., Ltd, aviatexnika ishlab chiqaruvchi Aviation Industry Corporation of China (AVIC), China Railway Construction Corporation (CRCC) qurilish kompaniyasi, mikroelektronika ishlab chiqaruvchi Semiconductor Manufacturing International Corporation (SMIC) bor.

Ta'kidlanishicha, farmon 2021 yil 2 avgustdan kuchga kiradi. U amal qilishni boshlagandan keyin amerikaliklarga «qora ro‘yxat»ga tushgan kompaniyalar aksiyalarini sotish yoki sotib olish taqiqlanadi.

Oq uyda ta'kidlanishicha, ushbu farmon Donald Tramp prezidentligi vaqtida qabul qilingan choralarning davomi hisoblanadi va AQSh investitsiyalariga Xitoy mudofaasini qo‘llab-quvvatlashga ijozat bermaydi. Trampning 2021 yil yanvarda qabul qilingan farmoniga ko‘ra, amerikalik sarmoyadorlarga Xitoy armiyasi bilan bog‘langan kompaniyalar aksiyalarini sotish yoki sotib olish taqiqlab qo‘yilgandi. Bunday kompaniyalar «qora ro‘yxati»ni AQSh mudofaa vaziri tuzadi. 

Top