O‘zbekiston | 08:22 / 05.06.2021
4886
2 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda maktabgacha ta'limni rivojlantirishga 100 mln dollar ajratiladi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning «Hududlarda maktabgacha ta'lim xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, 3–7 yoshli bolalarga ta'lim-tarbiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda sohada nodavlat sektorining ulushini oshirish maqsadida qabul qilingan.

2021–2022 yillarda maktabgacha ta'lim xizmatlarini kengaytirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Moliya vazirligiga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 100 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘lar ajratiladi.

Shuningdek, qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta'lim xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha komissiya tashkil etildi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni odillik va shaffoflik tamoyillari asosida tanlash va moliyalashtirish;
  • davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini qurish va jihozlash bo‘yicha manzilli dasturlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlash;
  • maktabgacha ta'lim bilan qamrov darajasini oshirish maqsadlariga ajratilayotgan markazlashgan mablag‘lardan manzilli va samarali foydalanishni ta'minlash, sohada amalga oshirilayotgan loyihalarni doimiy tahlil qilib borish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
  • maktabgacha ta'lim xizmatlarini kengaytirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni moliyalashtirishda korrupsiya holatlariga, ortiqcha sarsongarchilik va qog‘ozbozlikka yo‘l qo‘ymaslik.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 27.05.2021 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid