15:30 / 06.06.2021
21330

Noteng ichki migratsiya: sabablar va oqibatlar

Raqamlarga e'tibor qaratilsa, viloyatlardan Toshkentga turli sabablar bilan (ish izlab, ta'lim olish uchun, yaxshi tibbiy xizmatdan foydalanish v.k) aholining harakatlanishi juda baland. Ammo viloyatlar o‘rtasida ichki migratsiya juda past. Buning asosiy sababi nimada va bu tendensiya qanday jiddiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda?

Davlat statistika qo‘mitasi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, O‘zbekistonga 2020 yilda 191 ming 197 kishi ko‘chib kelgan. Biroq bu tendensiyaning e'tiborni tortadigan jihati shundaki, Toshkent shahri (77 ming 971 kishi) va Toshkent viloyatiga (30 ming 793 kishi) ko‘chib kelganlar soni birgalikda 100 ming kishidan oshadi hamda bu ko‘rsatkich keyingi eng ko‘p ko‘rsatkichli hudud Farg‘ona viloyatinikidan (9675 kishi) 10 barobarga ortiqdir. Alohida olganda esa Toshkent shahriniki 7 barobar, Toshkent viloyatiniki 3 barobarga ko‘pdir.

Albatta, odamlarning shaharlarga ko‘chib kelishi va ishga yollanishi taraqqiyotning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Ishchi kuchi oqimi o‘sayotgan shaharlarni arzon mehnat resurslari bilan, xizmat ko‘rsatish sohasini iste'molchilar bilan ta'minlaydi. Bu esa o‘z navbatida shahar kengayib, rivojlanib borishiga sababchi bo‘ladi. Jahon tajribasida ham Buyuk Britaniyada boshlangan sanoat inqilobidan so‘ng bu jarayon faollashgani hamda Tokio, Dehli, San-Paulu kabi megashaharlar vujudga kelganini ko‘rish mumkin.

Muammoning dolzarbligi…

E'tiborli jihati shundaki, ichki migratsiya oqimi uzluksiz va bir tomonga yo‘nalgan bo‘lsa ham natija o‘xshash bo‘ladimi? Sanoat inqilobi davri urbanizatsiyasidan farqli ravishda, yuqoridagi statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston ishchi kuchlarining harakati noproporsional tarzda kechmoqda va bu bir necha sohaga o‘z ta'sirini ko‘rsatishi mumkin:

Mehnatga haq to‘lash

Viloyatlardan Toshkentga kelayotgan aholi shahardagi xizmat ko‘rsatish, qurilish, transport xizmati kabi sohalar uchun arzon ishchi kuchi bo‘lishi narx-navoni mo‘'tadillashtirish uchun yaxshi imkon yaratadi. Ya'ni qurilish materiallari yoki yoqilg‘i narxlari qimmatlashayotgan bir vaqtda mehnatning arzonligi sektorlarga barqaror investitsiya oqimini ta'minlaydi. Biroq, 12ta hududdan faqat Toshkentga ishchilarning kelishi taklifning me'yoridan oshishiga va mehnatga haq to‘lashning boshqa iste'mol tovarlariga nisbatan korreksiyasining buzilishiga sabab bo‘ladi. Natijada, aholi orasida iqtisodiy va ijtimoiy notenglik kelib chiqadi.

Oziq-ovqat inflatsiyasi

Sanoat inqilobining asosiy tayanchi sifatida shaharlar emas, aynan qishloqlarning ko‘rilishi bejiz emas. Chunki qishloqlar shaharlarni xomashyo va oziq-ovqat bilan ta'minlab turadi. Buyuk Britaniyada XVIII asrda boshlangan sanoatlashuv jarayonining ham asosi qishloq xo‘jaligida texnika va texnologiyalarning joriy etilishi natijasida ishsiz aholining ish izlab shaharlarga kelishi bo‘lgandi. Ya'ni shahar aholisining o‘sishi va qishloq xo‘jaligidagi samaradorlik mutanosib tarzda kechgan. Migratsiyaning sababi agarda yuqoridagi kabi holat bo‘lmasa, bu oziq-ovqat narxlari o‘sib borishiga sabab bo‘ladi.

Yer inflatsiyasi

Xuddi, yuqoridagi kabi tendensiya yer maydonlari bilan ham sodir bo‘ladi. Shahar hududi va infrastrukturasi odamlar soniga mos ravishda kengayishi va zamonaviylashib borishi kerak. Holbuki, aholi faqatgina bitta shaharga ko‘chib kelar ekan, mavjud yer maydonlarining, shu bilan birga, boshpanalar (xaridorlar uchun shaxsiy uylari, ko‘chib kelib ishlayotganlar uchun ijara kvartiralari va hostellar) narxi ham oshib boradi.

Alaloqibat, boshpana va oziq-ovqat narxlari oshishi oqibatida aholining boshqa mahsulotlarga bo‘lgan ajratma miqdori qisqaradi. O‘z navbatida, talab kamayishi va rag‘bat yo‘qolib borishi oqibatida iqtisodiy diversifikatsiya ham sekinlashib boradi. Amalda ham ko‘rishimiz mumkinki, Toshkentda eng serdaromad biznes yo‘nalishlari qurilish sohasi va retailerlar bo‘lib qolgan.

Shuningdek, yuqoridagilarga infrastukturaga bosimning kuchayishi, yashash joylarida ro‘yxatdan o‘tganliklari haqidagi ma'lumotnomaning yo‘qligi sababli ishchilarning va ularning qaramog‘idagi shaxslarning tibbiy hamda ta'lim xizmatlaridan foydalanishlarining murakkablashuvi holatlarini ham qo‘shishimiz mumkin. Bularning barchasiga sabab qilib aholi migratsiyasining noteng ravishda Toshkent tomon yo‘nalganligini asos sifatida ko‘rsatish mumkin.

Nega aynan Toshkent? (Sabablar)

Ichki oqimning Toshkent tomon yo‘nalish sabablari ko‘chib keluvchilarni uch toifaga bo‘lganda yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

1. O‘ziga to‘q viloyat aholisi xizmatlar va infrastukturaning nisbatan yaxshiligi sababli ko‘chib keladi va narxlari «talab va taklif» qonuni bo‘yicha o‘sib borayotgan uylarning talabgori bo‘ladilar.

2. Qishloq xo‘jaligida ishlash imkoniyatini yo‘qotganlar yuqoridagi o‘ziga to‘q qatlam tufayli xizmat ko‘rsatish sohasiga bo‘lgan talabni qondirish uchun ish izlab keladi. Butun respublika bo‘ylab faqat bitta shaharga ishchilarning kelishi ularning mehnati qadrini tushiradi, ular kam daromad oladilar va sanitariya talablariga javob bermaydigan ijara joylarda yashaydilar.

3. So‘nggi toifa, vaqtinchalik keluvchilar ham aynan infrastukturaga bog‘liq ravishda harakatlanadi, ya'ni tibbiy xizmatdan foydalanish, oliy ta'lim olish yoki xalqaro aeroportdan chet elga parvoz qilish uchun kelishadi. Ularning shaharda bo‘lishlari vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lsa-da, kundalik xaridlarda va shahar iqtisodiyotida ishtirok etishadi.

Ushbu vaziyatdan chiqish uchun tarixan sinovdan o‘tgan ikkita dastur mavjud:

1. Aholining markaziy shaharlarga ko‘chishini qonun yo‘li bilan taqiqlash.

2. Infrastruktura qurish yo‘li bilan potensial investorlar va aholini taqsimlash yoki qayta taqsimlash.

Birinchi uslub «propiska tizimi» tariqasida 2016 yilgacha saqlanib keldi, biroq sezilarli natijaga erishishning imkoni bo‘lmadi. Aksincha, qonundan yashiringan holda harakatlanishga intilish iqtisodiyotda «qora bozor» munosabatlarini kuchaytirib yubordi. Biroq, faqat Toshkentga yo‘nalgan ichki migratsiyani to‘xtatib bo‘lmadi.

Ikkinchi uslub esa ikkinchi jahon urushidan keyingi Yaponiyada sinovdan o‘tgan hamda yuqori samara bergan. Hududlarda davlat tomonidan infrastrukturalar shakllantirilgan, xolos. Qolganini iqtisodiyotning o‘zi tartibga keltirgan. Sanab o‘tilgan aholining poytaxtga harakatlanish zanjirining eng avvalida ham aynan infrastrukturaviy imkoniyatlar turibdi.

Xulosa qilib ko‘radigan bo‘lsak, viloyatlarda ham poytaxt bilan raqobatlasha oladigan infrastukturani (issiq suv, sovuq suv, elektr va gaz ta'minoti, transport tizimi, tibbiy xizmat, o‘rta va oliy ta'lim) rivojlantirish tobora zaruratga aylanib bormoqda. Bu yo‘l bilan investor bo‘lishi mumkin bo‘lgan qatlam viloyatda qoladi; ish o‘rni viloyatda shakllanadi; ishchilarning bir qismi viloyatda ishga yollanadi; ishchilarning tarqalishi oqibatida ular sonining kamayishi mehnatning taklifini qisqartiradi; mehnat bozorida taklifning kamayishi mehnatning qiymatini oshiradi. Iqtisodiyotda keng ko‘lamli pul aylanishi boshlanishi bilan sohalar tabiiy ravishda diversifikatsiyalasha boshlaydi.

Shahboz Jo‘rayev va Doston Ahrorov,

mustaqil tadqiqotchilar.

Top