08:15 / 07.06.2021
4495

Texnik jihatdan tartibga solish agentligining vakolatlari belgilandi

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining (keyingi o‘rinlarda - Agentlik) quyidagi qo‘shimcha vakolatlari belgilandi:

  • mutasaddi idoralar tomonidan xalqaro standartlar va texnik reglamentlarning jadal joriy etilishini muvofiqlashtirib borish;
  • mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarni buzganlikda aybdor bo‘lgan tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), sotuvchilar va ijrochilarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha sudga murojaat qilish;
  • korxonalarda texnik reglament va standartlar talablariga rioya etmaganlik uchun korxona va tarmoq rahbarlariga taqdimnomalar kiritish;
  • texnik reglamentlar, standartlar va qonunchilikda belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni umumlashtirish va reyestrini yuritish.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Agentlikning tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparati tuzilmasi;
  • hududlarda sanoat tarmoqlari kesimida 2021-2022 yillarda tashkil etiladigan sinov laboratoriyalari manzilli ro‘yxati;
  • tarmoqlar va mahalliy korxonalarda standartlashtirish va mahsulot sifatini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar;
  • tarmoqlar va sanoat korxonalarida 2021-2022 yillarda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya sohalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish reja-jadvali;
  • texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va metrologiya sohasini rivojlantirishning asosiy indikatorlari ro‘yxati;
  • Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan xarid qilinadigan etalonlar ro‘yxati.

Agentlik bosh direktori Vazirlar Mahkamasi tomonidan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining taqdimnomasiga asosan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. U maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Agentlik bosh direktori o‘rinbosarlari hamda uning tarkibidagi tizim tashkilotlari rahbarlari agentlik bosh direktori taqdimnomasiga asosan investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Agentlik bosh direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘rindoshlik asosida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xodimini tayinlashga ruxsat etiladi.

Agentlik va Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti xodimlari mehnatga haq to‘lash shart-sharoitlariga ko‘ra Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi.

Quyidagilar bekor qilinadi:

  • akkreditatsiyadan o‘tishga buyurtma berishda sinov laboratoriyalarining akkreditatsiya sohasiga tashqi ko‘rik tavsiflarini (instrumental va organoleptik tahlillardan tashqari) kiritishi talabi;
  • muvofiqlikni baholash organlari xodimlarini sifat bo‘yicha ekspert-auditorlikka attestatsiyadan o‘tkazish va sertifikatlashtirish majburiy talablari.

Shuningdek, qonunchilik hujjatlarida muvofiqlikni baholash xizmatlarini ko‘rsatish uchun yagona idoralarni belgilashga (mudofaa va davlat xavfsizligini ta'minlash maqsadlaridan tashqari) yo‘l qo‘yilmaydi.

Quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ITI (Standartlar instituti)ga xalqaro standartlashtirish tashkilotlari va xorijiy davlatlarning standartlashtirish idoralarining qoidalari va shartnomalariga muvofiq, xalqaro va xorijiy davlatlar standartlarini respublikada tarqatishga va ushbu tashkilotlarga badallarni to‘lab berishga;
  • Standartlar instituti va Milliy metrologiya institutiga ilmiy- texnik loyihalar rahbarligiga ilmiy darajaga ega xodimlarni (Fan nomzodlari, falsafa doktorlari (PhD), fan doktorlari (DSc) FHShlar asosida jalb etishga.

Standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va metrologiya sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarga oylik ish haqi to‘lanishida, tegishli yo‘nalish bo‘yicha xalqaro va xorijiy tashkilotlarning bilim darajasini tasdiqlovchi sertifikatiga ega bo‘lganda:

  • uning amal qilishi davrida, biroq 2 yildan ko‘p bo‘lmagan muddat davomida, oylik maoshiga nisbatan - 20 foiz;
  • ekspert sifatida ro‘yxatga olinganda oylik maoshiga nisbatan — 40 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haq to‘lash tizimi joriy etiladi.

Agentlikka 2021 yil 1 avgustga qadar standartlashtirish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan yangilashni to‘liq yakunlash topshirildi. Ishlab chiqarish korxonalariga 2023 yil 1 yanvarga qadar yangi standartlarga o‘tish muddati belgilanadi va amaldagi standartlardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Mavzuga oid
Top