14:27 / 11.06.2021
6471

O‘zbekistonda yana bir yirik yoshlar loyihasiga start berildi

Respublika bo‘ylab «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» loyihasiga arizalarni qabul qilish boshlandi. Respublika miqyosida o‘tayotgan mazkur tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar O‘zbekistonni rivojlantirish, shuningdek, biror-bir sohada mavjud muammoga yechim bo‘la oladigan g‘oya va takliflari bilan ishtirok etishlari mumkin.

Shu yilning 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» loyihasini amalga oshirishni taklif qilgan edi.  Loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, ta'lim, sport, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, IT-park va O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 5ta tashabbusi loyiha ofisi.

Tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lgan yoshlar quyidagi yo‘nalishlarda o‘z takliflarini berishlari mumkin:

  1. Ilm-fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash;
  2. Madaniyat va san'at;
  3. Media;
  4. Sport va turizm;
  5. Davlat xizmatlarini rivojlantirish;
  6. Qurilish, arxitektura va transport;
  7. Tadbirkorlik va bandlik;
  8. Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va agrotexnologiyalar;
  9. Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar;
  10. Ekologiya, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va kimyo texnologiyalari.

Qanday qatnashsa bo‘ladi?

Tashkilotchilarga ko‘ra, loyiha uch bosqichda o‘tkaziladi: saralash, hududiy (yarimfinal) va respublika (final). Hududiy bosqichga (yarimfinal) har bir hududdan 100tagacha loyiha saralab olinadi va 1400ta loyiha ichidan eng sara 100ta loyiha g‘oliblar qatoridan joy oladi.

Tanlovga arizalar 2021 yil 20 iyunga qadar onlayn tarzda www.100ideas.uz sayti yoki @yuzideas_bot telegram-boti orqali qabul qilinadi. Har bir hududdan 100 nafar yoshlar ishtirok etadi jami: 1400 nafar.

Bundan tashqari, har bir hududda 2 kunlik tadbir va uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Ularning har biriga 1 500 nafardan ortiq yoshlar kelishi kutilmoqda. Har bir viloyatda yarim finalda umumiy qamrov 21 000 nafardan oshadi. Respublika bosqichida o‘rtacha 5000-6000 nafar yoshlar ishtirok etishi kutilmoqda. Umumiy hisobda tadbirlarda 30 000 nafar yoshlar qatnashadi. Shuningdek, onlayn kuzatuvchilarni ham hisobga olganda o‘rtacha 8-10 mln. hamyurtlarimiz qamrab olinishi kutilmoqda.

Eng yaxshi loyihalar amaliyotga tatbiq etish uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top