Lukashenko urush holatiga belaruslarni qurol qo‘llay olishga o‘rgatish lozimligini aytdi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko aholini o‘qotar qurol qo‘llash malakalariga o‘rgatish lozim deb hisoblamoqda. U buni «shu kabi malakalarni og‘ir davrlarda jang maydonida o‘rganishga to‘g‘ri kelmasligi uchun» talabalardan boshlashga chaqirgan. Lukashenko bu tashabbusini «dunyo aqldan ozayotgani va urush dunyoning istalgan burchagida boshlanishi mumkinligi» bilan tushuntirgan.
Belarus rahbari bu haqda «Uste» ishlab chiqarish-texnik klasteriga tashrifi vaqtida aytgan. U bu yerda raketalar va o‘qotar qurollar uchun o‘q-dorilar ishlab chiqarilishi bilan tanishgan.
«Kim ertaga jang qilmasligimizni kafolatlay oladi? Hech kim, men ham yoki boshqa birov ham. Dunyo umuman aqldan ozgan. Urush dunyoning istalgan burchagida istalgan vaqt boshlanishi mumkin. Tangri saqlasin, bizda bo‘lmasin», deb aytgan Lukashenko.
U belaruslarni o‘qotar qurol qo‘llash malakalariga o‘rgatish muhimligini ta'kidlab o‘tgan. Lukashenko qurolli kuchlarda tayyorgarlikdan o‘tadiganlarda bunday malakalar borligini, biroq ko‘pchilik harbiy xizmatga chaqirilmasligini aytgan. «Talabalar va boshqalarni o‘qotar qurol qo‘llash – avtomatni sochib-yig‘ishga, undan otishga o‘rgatsak qanday bo‘larkin? Uni qo‘llashni bilishlari va og‘ir davrlarda jang maydonida buni o‘rganishlariga to‘g‘ri kelmasligi uchun», deb izohlagan o‘z tashabbusini Belarus yetakchisi.
Iyun boshida Lukashenko Belarus o‘z o‘qotar qurolini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi zarurligini aytgan. U Rossiyani bunga misol qilib ko‘rsatgan.
Mavzuga oid
23:47 / 23.11.2024
Lukashenko polshalik qochoq sudyaga boshpana taqdim etdi
21:16 / 22.11.2024
Lukashenko Belarusda norozilik namoyishlari takrorlansa, internetni «butunlay o‘chirib qo‘yish» bilan tahdid qildi
20:52 / 20.11.2024
Lukashenko yana 32 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
01:38 / 19.11.2024