15:35 / 17.06.2021
25255

Navbatdagisi kim? Milliy jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan nomzodlar haqida

FIFA reytingidagi o‘rin amalda real holatni ko‘rsatmasligi rost. Biroq, u ham ma'lum bir asoslarga ega. Hatto Ummon bizdan oldinda boryaptimi, demak real muammolar bor.

O‘zbekiston bu safar jahon chempionatidan ancha ertaroq umid uzdi. Milliy jamoani ikkinchi bosqich davomida qabul qilib olgan Vadim Abramov Saudiyaga qarshi ikki o‘yinda ham mag‘lub bo‘ldi va O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marta uchinchi bosqichga o‘ta olmadi.

Hal qiluvchi uchrashuvda maydonda barchasini boy bergandan so‘ng, yosh bolalardek yig‘lagan futbolchilarimiz ham, «velosipedni ikkinchi marta ixtiro qilish»ga uringan Abramov ham Saudiyaga tom ma'noda yutqazdi.

Zoteyev, Galiulin, yangi pozitsiyadagi Masharipov, o‘yinda hech narsani qoyillatmagan Ahmedov, Hamdamovning maydonni bir aylanib, yana zaxiraga o‘tirgani... Abramov «qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqardi».

Hayot davom etadi. Bu mag‘lubiyatdan qanchalik alamzada bo‘lmaylik, biz yangi musobaqalar uchun tayyorgarlikni bugundan boshlashimiz kerak. Vadim Abramovning milliy jamoa murabbiyligi vazifasidagi soatlari tobora oxirlab bormoqda. Bizga yangi murabbiy kerak. Katta ehtimol bilan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 19 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari kongressida Vadim Abramovning iste'fosi e'lon qilinadi.

Quyida milliy jamoani Osiyo chempionati-2023 saralashiga tayyorlash uchun nomzodlarni ko‘rib chiqamiz.

Tez yordam – Temur Kapadze

«Olimpik» jamoasi bilan Pro liga o‘yinlarida javlon urayotgan sobiq futbolchi va ma'lum vaqt asosiy jamoani boshqargan Temur Kapadze Vadim Abramovning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan nomzod. U murabbiylikdagi qisqa faoliyati davomida yaxshi taktik bilimlarga egaligini ko‘rsata oldi. Hozir uning qo‘l ostidagi yoshlar Pro ligada istalgan jamoani yengishga qodir kuchga aylangan.

«Olimpik» qisqa paslarga asoslangan kombinatsion futbolni yaxshi yo‘lga qo‘yib olgan jamoa. Demak, ushbu murabbiydan milliy jamoada ham mana shunday uslubni kutsa bo‘ladi. Qaysidir jihatdan Kapadze Abramov uslubining davomchisi. Biroq, u yangi avlod murabbiyi, yangiliklarga chanqoq, zamon qanday futbolni talab qilayotganini yaxshi tushunadi.

O‘zbekiston endi Osiyo kubogi-2023 saralashi doirasidagi harakatlarini davom ettiradi. Ushbu o‘yinlarda milliy jamoamizga murabbiy kerak va O‘FA rahbariyati shoshilinch chora sifatida Kapadze xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Muxlislar xohishi – Ro‘ziqul Berdiyev

«Nasaf» jamoasi bosh murabbiyi ham qisqa muddatga milliy jamoani boshqarib ulgurgan. Har yili deyarli yangi tarkib yig‘ishdan erinmaydigan Berdiyev Superligada chempionlikka erisha olmayotgan bo‘lsa-da, o‘zbek futboli muxlislarining aksariyati tomonidan milliy chempionatdagi eng kuchli murabbiy sifatida qaraladi.

Ushbu mutaxassisda yoshlar bilan ishlash, tarkibga munosib nomzodlarni jalb etish, yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish borasidagi katta tajriba bor.

«Nasaf»ning o‘z vaqtida xalqaro maydondagi grandlarga qarshi yaxshi qarshilik ko‘rsatgani va ijobiy natijalar namoyish etgani Berdiyev nomi bilan bevosita bog‘liq.

Yangi murabbiylar short-listida Ro‘ziqul Berdiyev nomi bo‘ladi.

Effektiv – Shota Arveladze

Insayderlar Arveladze variantini ham tilga olishmoqda. Gruziyalik ushbu mutaxassis milliy jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanishi ham mantiqqa to‘g‘ri keladi.

O‘zbek futbolida ishlagan, uning ob-havosidan xabardor, futbolchilarni yaxshi taniydigan xorijlik mutaxassis. «Paxtakor»dagi so‘nggi mavsumida jamoani haqiqiy Yevropa uslubidagi futbolga o‘rgatib qo‘ygandi. Ha, uning natijagacha futbolchilarni yetaklab borishiga vaqt talab qilindi. Ammo jamoa anchadan buyon ilk marta Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi ishtirok etdi. O‘zbekistonlik muxlislar o‘zbek klublarining OChLdagi o‘yinlaridan zavq olishni unutib ham qo‘yishgandi.

«Shou-taym» «Paxtakor»da bir chiziqli himoyaga asos sola olgandi. Bugun milliy jamoaga aynan shu jihat yetishmayapti. Hujumlardagi rang-baranglik jihatidan ham «sherlar» Osiyoning istalgan jamoasi bilan raqobatlasha oladigan klubga aylangandi.

Arveladze «Paxtakor»ni tark etganidan buyon ishsiz yuribdi. Maosh masalasida Toshkent klubi uni rozi qila olgan bir paytda, O‘zbekiston milliy jamoasiga bu muammo bo‘lmasa kerak.

 Orzu – Karlush Keyrush

Portugaliyalik mutaxassis anchadan buyon milliy jamoani boshqarish uchun eng munosib nomzod sifatida ko‘rib kelinadi. U Osiyo futbolini yaxshi biladi, Eronni qit'a grandiga aylantira olgan. O‘tgan yili Kolumbiya milliy jamoasidan iste'foga chiqqan Keyrush ham hozirda ishsiz.

Dunyoning yetakchi milliy jamoalari va klublarida faoliyat olib borishga ulgurgan mutaxassisning kelishi ancha qimmatga tushishi ma'lum. Bu kabi murabbiylar ham bugun milliy jamoaga tayinlangan taqdirda, ertagayoq jamoani kuchli qilib qo‘ymaydi. Ularga ham o‘z futbol falsafasini jamoaga singdirish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Bunday uzoq muddatli hamkorlik uchun yaxshigina moliyaviy imkoniyat talab etiladi. Pandemiya vaqtida butun dunyoda iqtisodiy qiyinchilik bo‘layotgan bir paytda, murabbiyga katta pul to‘lash ham qiyin.

O‘z navbatida, agar O‘FA rahbariyati pirovardida Keyrush singari murabbiy bilan shartnoma imzolamoqchi bo‘lsa, bu ishni ortga surishning hech keragi yo‘q. Ular o‘zlari uchun talab qiladigan vaqtni olishi va g‘oyalarini jamoada aks ettirib ko‘rishi kerak. 30 yilni boy bergan futbolimizdan natija kutishni to‘xtatib, uning qaytadan barpo etilishiga sabr qilishimiz lozim bo‘ladi.

Yuqoridagi variantlar tipaj sifatida keltirildi, ya'ni nomlar o‘zgarishi mumkin.

Bizga baribir chet ellik murabbiy kerak. U futbolchilarimizdagi ruhiy holatni o‘zgartirishi, futbolimizga yangicha xarakter berishi talab etiladi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Top