Jamiyat | 20:30 / 18.06.2021
30192
10 daqiqa o‘qiladi

Kimga iyun, kimga sentyabr? Putinning migrantlarga oid farmoni bo‘yicha yurist bilan suhbat

Rossiyadagi migrantlar uchun mamlakatda noqonuniy bo‘lib turish muddati uzaytirilgani haqida avval xabar qilingan edi. 2021 yil 15 iyun kuni RF prezidenti Vladimir Putin mamlakatda bo‘lib turgan xorijlik fuqarolarning huquqiy maqomini tartibga solishga doir yangi farmonga imzo chekdi. Unga ko‘ra, Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari 2021 yil 30 sentyabrga qadar o‘z maqomlarini qonuniylashtirish imkoniga ega bo‘ldi.

Farmon bilan, shuningdek, noqonuniy bo‘lib turgan migrantlar sud orqali deport qilinmasligi, ayrim jinoyatlar yoki huquqbuzarliklarni sodir etganlar istisno etilgan holda qayd qilindi. Kun.uz jurnalisti farmondan kelib chiqadigan ayrim savollar bilan Rossiyadagi o‘zbek yuristi, Migrant loyihasi asoschisi Botirjon Shermuhammadga murojaat qildi.

– Rossiya prezidenti Putin imzolagan yangi farmondan nimalar kutilyapti?

– Bu albatta juda yaxshi farmon bo‘ldi. Shu paytgacha migrantlarga oid farmon bo‘lmagan edi, Rossiya ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari ichki buyrug‘i asosida qilingan ishlarning ko‘pi prezident farmoni sifatida chiqdi. Bu farmon va undagi qaydlar yuristlarga sudlarda bo‘ladigan tortishuvlarda katta yordam beradi. Ilgari ichki buyruq bo‘lib qabul qilingan qoidalar farmonda aks etdi. Farmon bo‘yicha Rossiyadagi xorijlik fuqarolar ikkiga taqsimlandi. Hozirgi kunda Rossiya bilan transport aloqasi ochilgan davlatlar fuqarolari. Ikkinchisi, transport aloqasi yopiq bo‘lgan davlatlar fuqarolari.

Endilikda 2-guruhga kiruvchi davlatlarga transport aloqasi ochilgandan keyin 90 kun davomida ularning barcha huquqlari, registratsiyasi uzaytirib qo‘yildi. Ya'ni Ukraina, Moldova kabi davlatlarning Rossiya bilan transport aloqasi yo‘q, ushbu davlatlar fuqarolari yana 90 kun davomida registratsiya qilmasdan yurishlari mumkin.

Endi birinchi guruhga kiruvchi, chegarasi ochilgan davlatlar (O‘zbekiston, Tojikiston kabi) o‘sha ochilgan vaqtdan keyin 90 kun davomida ularning ham registratsiyalari cho‘zilib qolgan. Masalan, O‘zbekiston, Tojikiston fuqarolari uchun 29 iyungacha barcha registratsiyalar cho‘zilib qolgan, uni uzaytirishga borish shart emas. Faqatgina 30 iyunda uning qo‘lida yo registratsiya bo‘lishi kerak, yoki patent asosida cho‘zilishi kerak. Ko‘pchilik 30 sentyabrgacha cho‘zildi degan noto‘g‘ri tushunchaga boryapti. Bu to‘g‘ri emas.

Rossiyadagi o‘zbek yuristi, Migrant loyihasi asoschisi Botirjon Shermuhammad

Yana bir narsa bor, umuman hozirgi kunda huquqiy holati nolegal bo‘lgan fuqarolarda 30 sentyabrgacha Rossiya ichki ishlar idoralariga murojaat qilib o‘zining huquqiy holatini qonuniy qilib olish imkoniyati bor. Ya'ni 29 iyungacha O‘zbekiston fuqarosining registratsiyasi cho‘zilmagan taqdirda ham 30 sentyabrgacha ariza yozib murojaat qilishi mumkin, lekin unga jarima solinadi va huquqiy holati to‘g‘rilab berilishi mumkin.

Shu bilan birga 30 sentyabrdan keyin patensiz yoki registratsiyasiz yursa bo‘lar ekan, degan fikrga borish noto‘g‘ri. Rossiya politsiyasi ko‘chada xorijlik fuqaroni ushlab, uning patensiz yoki registratsiyasiz yurganini aniqlasa, uni ma'muriy javobgarlikka tortishga haqqi bor.

Bundan tashqari, yana bir funksiya bor, 30 sentyabrgacha Rossiyadan ma'muriy chiqarib yuborish, ya'ni sud orqali deportatsiya qilish yoki boshqacha holatda bu davlatga kirishni taqiqlash mumkin emas. 29 iyundan keyin hujjatsiz yurgan O‘zbekiston fuqarosiga jarima solinishi mumkin, lekin sud orqali mamlakatdan chiqarib yuborilmaydi.

Farmon bilan migrantlarga o‘z faoliyatini qonuniy qilib olish imkoniyati berilmoqda. Lekin huquqshunoslarda bir savol paydo bo‘lyapti: Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, ilgari qilingan ma'muriy huquqbuzarlik bir yildan oshsa, migrantga nisbatan jazo qo‘llash mumkin emas. Lekin Rossiyaga kirishga taqiq qo‘yilishi bo‘yicha kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishga binoan 10 yil avval Rossiya qonunchiligini buzgan bo‘lsa ham, Rossiyaga kirishga taqiq qo‘yilishi mumkin.

Farmonda esa migrant o‘z faoliyatini qonuniy qilganidan, deylik, 6 oy–1 yil o‘tganidan keyin o‘sha eski qilgan noqonuniy harakatlari uchun “zapret”ga tushmaydi, degan gap yo‘q. Muammoli jihati shuki, taqiq qo‘yishi ham, qo‘ymasligi ham mumkin.

Quvonarlisi, O‘zbekistondan kelib noqonuniy yurgan 300 mingdan ortiq migrantga imkoniyat yaratildi. Hech bo‘lmaganda yashirinib yurmasdan, qonuniy maqom olib, ishlashi mumkin bo‘ladi.

– Farmonda istisno holatlar haqida ham so‘z ketgan. Bu holatda qanday bo‘ladi?

– Ozodlikdan mahrum qilish joylarida o‘tirib chiqqanlar, ekstremist, terrorist, mitinglarda qatnashganlar va shu kabilar o‘sha toifaga kiradi. Shuningdek, bandda jamoat xavfsizligi va jamoat tartibini buzganlar degan joyi bor va bu mavhum tushuncha. Bunga ko‘plab holatlarni kiritib yuborish mumkin. Lekin amaliyotda kuzatilyaptiki, migratsiya qonunchiligini buzganlarga bu me'yorlar qo‘llanilmayapti.

– Patent olishga ariza yozish uchun borgan migrant masalasi qanchalik ijobiy ko‘rib chiqiladi amaliyotda?

– Bu albatta ijobiy ko‘riladi, sababi prezident farmoni turibdi. Ko‘pchilik adashayotgan nuqtalardan biri shuki, kimda Rossiyaga kirishga sud orqali taqiq qo‘yilgan bo‘lsa, ular uchun bu farmon ishlamaydi. Ariza yozishga borgan fuqaro qidiruvda bo‘lmasa, ilgari deport qilinmagan bo‘lsa, faoliyatini qonuniylashtirishga monelik bo‘lmaydi. Lekin deportatsiya qilingan, taqiqi bo‘lgan fuqarolarga farmon ishlamaydi, chunki ularga amnistiya e'lon qilingani yo‘q.

– Farmondan keyin transport qatnovi O‘zbekiston uchun to‘liq ochiladimi?

– 31 dekabrgacha fuqarolarga imkon berilyaptiki, migratsiya kartasida Rossiyaga nima maqsadda (ish yoki boshqa) kelishidan qat'i nazar patentga topshirishi mumkin. Shuningdek, kelganiga 30 kun to‘lgan bo‘lishi shart emas. Bu biz yuristlarda shunday salbiy fikrga olib kelyaptiki, balki, oxirgi kunlarda koronavirus kasalligining ko‘payganini hisobga olib hukumat karantinga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lishi ham mumkin. O‘tgan yilgi kabi migrantlar hadeb migratsiya markazlariga borib yurmasin, degan fikrlarni ham uyg‘otyapti.

Yo‘llar ochilishi haqida tayinli xabar yo‘qligi bilan birga shu paytgacha transport ochilmaganiga ham mantiqli javob yo‘q. Bir tomondan haftada bir-ikki reyslarni qo‘yib, shu bilan birga, muntazam 30–40ta charter reyslarni qo‘yish o‘zi mantiqsizlik, chunki bemalol borib kelinyapti. Faqatgina temir yo‘l ochilmadi. Nima uchun shunday bo‘layotganiga esa hozircha javob yo‘q.

– Rossiyadagi o‘zbek migrantlarining pandemiyadan keyingi ahvolini qanday baholaysiz?

– Faqat o‘zbek emas, umuman migrantlar qadri oshib qoldi, chunki karantinda ularga bo‘lgan ehtiyoj sezildi. Buni davlat ham, ish beruvchilar ham tan oladi. Pandemiya Rossiya iqtisodiyoti uchun migrantlar kerakligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, ish beruvchilarning ko‘pchiligi qiynaldi. Shu sabab migrantlar oyligi ham oshdi. Lekin ikkinchi tomondan ularning huquqiy holati yaxshi emas. Davlat ma'lum bir muddatda registratsiya qilishni talab qiladi, boshqa tomondan registratsiya olish murakkab, bir–bir yarim oy ichida registratsiya qildirish mumkin. Migratsiya markazlarida esa zarur sharoit yetarli ta'minlanmagan.

Bundan tashqari, rus tili va Rossiya tarixidan imtihon yangi ko‘rinishda bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida qaror chiqdi. Imtihon blankalari hali chiqmadi, ustiga ustak Rossiyaning barcha joyida patentga imtihon to‘xtatilgan, ya'ni patent ololmaydi.

Hujjatlar bilan bog‘liq muammolar hali to‘liq hal etilgani yo‘q. Aslida mehnat muhojirlari qonuniy mehnat qilishni xohlaydi, biroq ijtimoiy va iqtisodiy muammolar sabab bu imkonsiz bo‘lib qolyapti.

– Yangi farmondan kelib chiqib, noqonuniy ishlab yurgan o‘zbekistonlik migrantlarga qanday tavsiyalar berasiz?

– Rossiya davlat idoralari xodimlariga bu farmonlar kechroq yetib borishini hisobga olib, birdaniga ariza yozishga chiqib ketish shartmas, deb o‘ylayman. Shoshilmasdan, imkon bo‘lsa biror hafta kutib keyin migratsiya markazlariga murojaat qilsa yaxshi bo‘ladi. Ayniqsa, ko‘chada yurishda ehtiyot bo‘lish kerak. Yaqin kunlardan boshlab juda katta tekshiruvlar boshlangan, balki, tekshiruvchi farmon haqida bilmasligi mumkin. Shundan kelib chiqib ham ozroq sabr qilib turish talab etiladi. Umuman olganda, qonuniy yurgan har tomonlama yaxshi, albatta.

Mavzuga oid