Jahon | 23:53 / 18.06.2021
9947
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 2025 yilgacha oilalarda farzand soniga cheklov bekor qilinishi mumkin

Foto: Yu Jing/China News Service via Getty Images

Xitoy hukumati tug‘ilishga oid cheklovlarni yanada yumshatishni rejalashtirmoqda. Rasmiy Pekin 2025 yilgacha oiladagi farzandlar soniga cheklov to‘liq bekor bo‘lishini muhokama qilmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

 Nashrning ta'kidlashicha, Xitoy cheklovlarni yumshatishga tayyorlanmoqda. Ushbu choralar tarafdorlarining fikricha, bu iqtisodiyot o‘sishini tezlashtirish va aholi soni o‘sishida yordam berishi kerak.

May oyida Xitoy raisi Si Tszinpin kompartiya rahbarlariga aholining tobora qarib borayotgani milliy xavfsizlikka tahdid ekanini aytgan. U ushbu muammoning yechimini topishga chaqirgan.

Shu bilan birga, The Wall Street Journal’ning ta'kidlashicha, Pekinda tug‘ilishni nazorat qilishdan to‘liq voz kechish kerakligi borasida ikkilanish bor. Jumladan, bunday ssenariyda tug‘ilish darajasi birinchi navbatda qishloqlarda yashovchi eng kam ta'minlangan oilalarda o‘sishi borasida xavotir mavjud. Bu esa hukumatning eng muammoli hududlarda nochorlikni bartaraf etishga urinishlarini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

May oxirida Xitoyda oiladagi farzandlar maksimal soniga cheklovlarni yengillashtirib, uch farzand ko‘rishga ruxsat berish rejalashtirilayotgani ma'lum qilingandi.  

2015 yilda Xitoydagi oilalarga 2 nafar farzand ko‘rishga ruxsat berilgan. Shundan keyin mamlakatda tug‘ilish darajasining rekord o‘sishi qayd qilingandi.

Biroq Xitoy hukumati aholining mehnatga layoqatli qismi juda tez sur'atlar bilan qisqarayotgani, keksalar ulushi esa aksincha, o‘sib, iqtisodiyot va jamiyatga zo‘riqish bo‘layotganidan xavotirlanmoqda.

2020 yil natijalariga ko‘ra, Xitoyda 15 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan mehnatga layoqatli aholi ulushi bir yil avvalgi 70,1 foizdan 63,3 foizgacha qisqarib ketgan. 65 yoshdan katta xitoyliklar esa 2020 yilda 2019 yildagiga nisbatan 4,6 foizga ko‘proqni, ya'ni 13,5 foizni tashkil qilgan.

Xitoyda uzoq vaqt «bir oila – bir farzand» qoidasi amalda bo‘lgan. Ushbu qoida 1979 yilda qabul qilingan va mamlakatning aksariyat oilalariga nisbatan amal qilgan. 2015 yildan esa xitoylik oilalarga 2 farzand ko‘rishga ruxsat berilgan.

Mavzuga oid