Jahon | 21:14 / 25.06.2021
33969
8 daqiqa o‘qiladi

Mayamida 12 qavatli bino quladi. 159 kishi bedarak ketgan

Qutqaruvchilar payshanba tongida Florida shtatining Mayami-Deyd okrugida qulab tushgan 12 qavatli bino vayronalari ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan odamlarni qidirishni davom ettirmoqda. Hozircha to‘rt kishining o‘limi tasdiqlangan, yana 159 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Voqea joyida keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv amaliyoti o‘tkazilmoqda.

Foto: AFP

Mayami-Deyd okrugi meri Daniella Levin Kava juma kuni tongida bergan ma'lumotga ko‘ra, binoning butun qolgan qismida bo‘lgan 120 kishi qutqarilgan. «Ammo afsuski, yo‘qolgan deb hisoblanayotganlar soni 159 nafarga yetgan», degan u. Avvalroq 100ga yaqin kishi bedarak ketgani aytilayotgandi.

Hozircha hodisa ro‘y bergan vaqtda bino ichida qancha odam bo‘lgani haqida aniq ma'lumot yo‘q.

Qutqarib olinganlarning ko‘pchiligiga tibbiy yordam ko‘rsatishga to‘g‘ri kelgan, ularning ikki nafari shifoxonaga joylashtirilgan. Yana o‘nlab kishilar vayronalar ostida qolib ketgani yoki quyidagi qavatlarda yopilib qolgani taxmin qilinmoqda. Qutqaruvchilar ko‘tarma kranlar yordamida binoda yashovchi odamlar oldiga yetib borib, ularni evakuatsiya qilishga urinmoqda.

Payshanba kuni tongda AQSh fuqarosi Jyenni Urgelles qo‘rqinchli yangilikdan xabar topdi: uning ota-onasi yashagan uy qulab tushgan. U darhol uyga qo‘ng‘iroq qilgan, ammo faqat avtomat javobini eshitgan. «Men hali ham umidimni yo‘qotganim yo‘q, men nimalar bo‘lganini bilishni juda ham istayman», deya hikoya qilgan u mahalliy telekanallardan biriga.

Prezident Jo Bayden Floridada favqulodda holat joriy etilishini ma'qullagan: bu esa favqulodda vaziyatlar bo‘yicha federal agentlik mahalliy xizmatlarga yordam ko‘rsatishiga imkon beradi.

Mayami-Bichdan shimolda joylashgan Serfsayd tumanida olingan suratlarda turar joy binosi qulashi oqibatlari aks etgan. «Binoning ort qismi, katta ehtimol bilan, uchdan bir qismi yoki yanada ko‘prog‘i to‘liq qulab tushgan», degan matbuot anjumanida Serfsayd meri Charlz Berkett.

Xabar qilinishicha, binodagi o‘pirilish mahalliy vaqt bilan 24 iyun kuni tungi soat 02:00dan o‘tganda ro‘y bergan (Toshkent vaqti bilan soat 12:00).

Qutqaruvchilar itlari bilan vayronalar ostidan tirik jonlarni qidirmoqda / Reuters

Kech kirgach qutqaruvchilar exolokatorlar va maxsus o‘rgatilgan itlar yordamida vayronalar orasidagi odamlarni topishga kirishgan. Jabrlanuvchilar joylashgan hududlarga yetib borish uchun qutqaruvchilar jamoasi yer osti avtoturargohidan tunnel ochishga urinishgan.

Mayami-Deyd o‘t o‘chirish xizmati xabar berishicha, voqea joyiga 80ta avtomobil yo‘llangan. Qutqaruv amaliyotida politsiyachilar ham ishtirok etmoqda.

«Voqea joyida o‘t o‘chiruvchilar va itlar bilan qidiruv jamoasi ishlamoqda. Ular qutqaruv-qidiruv amaliyoti o‘tkazishmoqda va bu ishni davom ettirishadi. Ular taslim bo‘lishmaydi. Ular tun bo‘yi to‘xtamasdan ishlashadi», degan jurnalistlarga Mayami-Deyd okrugi politsiyasi direktori Freddi Ramires.

Qidiruv xizmati xabar berishicha, vayronalar ostidan turli ovozlar kelmoqda. Ammo qutqaruvchilar ustiga beton qoldiqlari bosib tushishi xavfi ham bor.

«Bu ko‘p vaqt va diqqat talab qiluvchi jarayon. Biz konstruksiyalarni teshib o‘tish uchun harakat boshlaganimizda, ustimizga qoldiqlar yog‘iladi», deydi Mayami-Deyd okrugi o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i yordamchisi Rey Djadalla.

Davom etayotgan yomg‘ir va shamollar esa qutqaruvchilarning shusiz ham murakkab ishini qiyinlashtirmoqda.

Mahalliy rasmiylar bedarak ketganlarning qarindoshlaridan DNK namunalarini ola boshlagan - xarobalar ostidagi qoldiqlar shaxsini aniqlashtirish uchun. Xarobalar ostida qolib ketganlarning qarindoshlari va yaqinlari qulab tushgan binodan bir necha kvartal narida navbatdagi ma'lumotlarni kutib yashashmoqda.

Mahalliy aholi vakillari binoda bo‘lgan yaqinlari omon qolganidan umid qilishda davom etmoqda / EPA

Mahalliy aholi vakillaridan biri Nikolas Fernandes CBS kanaliga telefon qo‘ng‘iroqlariga javob olmagach, ota-onasining oldiga yo‘l olgani haqida gapirib bergan. «Aftidan, biz ularni yo‘qotdik. Pessimist bo‘lishni istamasdim, ammo biz to‘xtovsiz qo‘ng‘iroq qilmoqdamiz, ammo afsuski, natijasiz», deydi u.

«Bomba portlashiga o‘xshardi»
Binoda o‘pirilish boshlanganida Barri Koen yotoqda bo‘lgan. «Kuchli momaqaldiroq bo‘lyapti deb o‘ylagandim, rafiqam bilan balkonga chiqdik. Biz ko‘rgan holat bomba portlashini eslatardi - hammayoq chang-to‘zon va tutunga to‘lgandi», deydi u BBC muxbiri bilan suhbatda.

Politsiyachi undan va rafiqasidan kvartirada qolishni so‘ragan. Ammo Koenning eslashicha, shundan keyin bino ulkan portlashdan titraganday silkina boshlagan.

«Biz eshikni ochganimizda, hech qanday bino qolmagandi, faqat bir uyum qoldiq bor edi. Biz garajga tushdik va trubadan suv oqayotganini ko‘rdik. To‘plangan suv tizza bo‘yi chiqqandi, biz yaxshisi bu yerdan tezroq ketish kerak deb o‘yladik», deya eslaydi u. Barri Koen favqulodda xizmatlarga yordam so‘rab murojaat qilgan: u va rafiqasini bino to‘liq qulab tushishidan oldin qutqarib olishgan.

40 yil muqaddam qurilgan binoning qulab tushishi sababi hozirgacha noma'lum qolmoqda

Amerikalik jurnalistlar vayronalar ostidan o‘n yoshli bola chiqarib olingani haqida yozmoqda.

Voqea vaqtida ukasi bilan itini sayr qildirib yurgan yigit CBS telekanalining Mayamidagi muxbiri bilan suhbatda bino qanday qulayotganini eshitgani haqida aytib bergan. «Biz juda kuchli gumburlashni eshitdik, o‘ylagandikki, bu mototsikl ovozi. Ortga o‘girilganimizda ko‘rdikki, biz tomon chang buluti yaqinlashmoqda. Biz nima bo‘layotganini tushunmadik. Yuzimizni ko‘ylak bilan to‘sdik va shu tomonga chopdik. Yo‘limizda qo‘riqchi paydo bo‘ldi, undan nima bo‘lganini so‘radik. U esa bino qulab tushganini aytdi», degan u.

Bir kun oldin bino shunday ko‘rinishda bo‘lgan / GOOGLE STREET VIEW

Guvohlardan yana biri CNN’ga bu 11 sentyabrni eslatganini aytgan - u 2001 yilgi terakt vaqtida Nyu-Yorkdagi egizak binolarning qulashini nazarda tutgan.

Politsiya qulagan bino manzilini ma'lum qilgan — 8777 Kollinz-avenyu manzilidagi Champlain Towers binosi. Qirg‘oq yaqinida joylashgan bu binoda yuzdan ortiq kvartiralar bo‘lgan.

Qurilganiga 40 yil bo‘lgan binoning qulashiga nima sabab bo‘lgani hozircha ma'lum emas. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, bino joylashgan yer maydoni 1990-yillarda cho‘kkan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid