Iqtisodiyot | 19:07 / 29.06.2021
16706
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston zaytun eksportchisiga aylanishni da'vo qilmoqda. Bu qanchalik asosli?

O‘zbekiston zaytun plantatsiyalari tashkil etish va eksport hajmlarini oshirishni rejalashtirmoqda. Ammo bu borada bir qancha muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

28 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan Ekologik partiya fraksiyasi yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining zaytun moyi va zaytun mevasi to‘g‘risidagi xalqaro bitimga (Jyeneva, 2015 yil 9 oktyabr) qo‘shilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, bugungi kunda zaytun va zaytun moyi jahon bozorida juda talabgir mahsulot hisoblanib, asosan, aholi iste'moli va dorivor maqsadlarda foydalaniladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, 1 gektar zaytun plantatsiyasidan 15-17 ming dollar, uni qayta ishlash orqali 45-50 ming dollar miqdorida daromad olish mumkin.

O‘zbekistonda rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda yangi zaytun plantatsiyalari tashkil etish, qayta ishlash korxonalarini ishga tushirish, hamda eksport hajmlarini oshirish rejalashtirilgan.

Avvalroq, respublikaning janubiy viloyatlarida 530 gektar, shu jumladan, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Muzrabot va Uzun tumanlarining har birida 100 gektardan, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Bandixon tumanlarining har birida 50 gektardan, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 30 gektar maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etilishi bo‘yicha ma'lumotlar e'lon qilingandi.

O‘zbekistonning o‘zida yoki umuman mintaqada mashhur bo‘lmagan zaytun moyi yetishtirish haqiqatdan ham katta foyda keltiradimi? Bu borada bir qancha muammoli holatlar yuzaga kelishi mumkin:

Birinchidan, hozirgi kunda O‘zbekiston aholisi asosan kungaboqar va paxta moyi iste'mol qiladi. Zaytun moyining narxi kungaboqar va paxta moyi bilan solishtirganda ancha yuqori va uni ishlab chiqarish ancha qimmatga tushadi. Zaytun moyi iste'molchi uchun arzon muqobilga aylanmaydi, aksincha, u qimmat mahsulot bo‘lib, mamlakat aholisining asosiy qismida daromad darajasi yuqori bo‘lmaganligi sababli, zaytun biznesi rivojlanishi jiddiy to‘siqlarga uchrashi mumkin. Umumiy qilib aytganda, ichki bozorda zaytun moyi kungaboqar va paxta moyiga alternativa emas va talab deyarli yo‘q.

Ikkinchidan, hozirgi kunda Ispaniya, Italiya, Turkiya, Gretsiya va Marokash kabi mamlakatlar zaytun yetishtirish bo‘yicha eng yirik ishlab chiqaruvchilar hisoblanadi. Ya'ni jahon bozorida yuqori darajadagi raqobat mavjud. Bu yerda sifat birinchi o‘ringa chiqadi va tajribasiz o‘zbek ishlab chiqaruvchilari bu raqobat maydonida o‘z o‘rnini topishda qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy holatdir.

Uchinchidan, geografik jihatdan O‘zbekistonga yaqin bo‘lgan mamlakatlarning hech qaysisida zaytun moyi asosiy iste'mol mahsuloti hisoblanmaydi. Yaqin mamlakatlarda talabning yo‘qligi, eksport qilinadigan mahsulotlar uchun logistika xarajatlarini oshirib yuboradi.

Mavzuga oid