O‘zbekiston | 07:40 / 03.07.2021
4507
3 daqiqa o‘qiladi

Avtotransport sohasida kadrlarni tayyorlash tizimi o‘zgartirildi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan belgilanishicha:

  • yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning tashish xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha mas'ul rahbari, rahbar o‘rinbosari, transport bo‘limi rahbari va (yoki) harakat xavfsizligi mutaxassislariga nisbatan litsenziyalar olish uchun hujjatlar taqdim etish va avtomobil transportida tegishli tashishlarni amalga oshirish uchun har besh yilda attestatsiyadan o‘tish talablari bekor qilinadi;
  • yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar xodimlarining bilimi, malaka darajasi va kasbiy mahorati malaka talablariga muvofiqligi ularning kamida har uch yilda bir marta o‘z malakasini oshirganligi to‘g‘risida berilgan malaka sertifikatiga muvofiq aniqlanadi;
  • yo‘lovchi va yuklarni avtomobil transportida tashish ushbu sohada kamida 3 yil ish stajiga, avtomobil yoki texnik yo‘nalishda oliy kasbiy ma'lumotga va malaka sertifikatiga ega xodimi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi;
  • avtomobil yoki texnik yo‘nalishda oliy kasbiy ma'lumotga ega bo‘lish sharti maxsus uskuna bilan jihozlangan avtotransport vositasida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni (axlat) tashish va kommunal xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarning xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, qarorga asosan, ta'lim muassasalarida malaka oshirish kursi bitiruvchilariga elektron sertifikatlar berish amaliyotini joriy etish maqsadida “elektron sertifikatlar repozitoriysi” tizimi yaratiladi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish kurslarini tugatganlik haqidagi sertifikat hamda avtomobilda xalqaro tashuvchining kasbiy mahorat sertifikati namunalari;
  • avtomobil transporti sohasida kadrlarni qayta tayyorlash haqidagi diplom namunasi.

Mavzuga oid