Jahon | 08:54 / 04.07.2021
8041
5 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada 77 mingdan ortiq kishidan pul olib, chet elga qochib ketgan shaxs turk sud tizimiga ixtiyoriy ravishda taslim bo‘ldi

Turkiyada o‘zi asos solgan Çiftlik Bank orqali o‘n minglab odamlarni aldagan va qidirilayotganlarning qizil ro‘yxatida bo‘lgan Mehmet Oydin Braziliyada San-Paulu bosh konsulligiga taslim bo‘ldi.

«Tosunjuk (odatdagidan kattaroq tug‘ilgan bola – tahr.) laqabi bilan tanilgan Mehmet Oydinni olib keluvchi samolyot bugun kechqurun 22:30da Turkiyada bo‘ladi», dedi Turkiya ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Chatakli.  

Oydin elektron to‘lov tizimlari orqali o‘g‘rilik qilish, kooperativlar tuzish orqali odamlarni aldash, o‘z jinoyatini moliyalashtirish uchun tashkilot tuzish, yig‘ilgan aktivlarni legallashtirish va soliq qonunchiligini buzish kabi ayblovlar bo‘yicha Interpol qidiruvida bo‘lgan.

Advokatlari orqali Sözcü gazetasiga yuborgan videomurojaatida Oydin «aybsiz va jabrlanuvchi» ekanini, buni isbotlash uchun «turk sud tizimiga ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lishi»ni ma'lum qildi.

Oydinning advokati Shehmus Uluch esa, Sözcü gazetasiga bergan bayonotida konsullik bilan bog‘lanishgani va Mehmet Oydinning Turkiyaga ekstraditsiyasi bo‘yicha rasmiy ishlar boshlanganini aytdi.

Mehmet Oydin nimalar dedi?

Sözcü veb-saytida e'lon qilingan videoda Oydin, Çiftlik Bank o‘yini bilan hech kimga zarar yetkazish yoki odamlarni aldash niyatida bo‘lmaganini bildirdi.

«Men Mehmet Oydin. Ma'lumki, men Çiftlik Bank’ning asoschisi va ixtirochisi edim. Ushbu loyihani boshlashdan maqsadim o‘yin platformamizdan foydalanuvchi odamlarga ham o‘yin o‘ynash, ham kompaniyamizning reklama budjetiga ajratgan pulidan foydalangan holda qo‘shimcha daromad olishlariga imkon yaratish edi. Menda hech qachon kimgadir zarar yetkazish yoki kimnidir aldashga oid hech qanday fikr yoki urinish bo‘lmagan.

Biz yaratgan o‘yin platformasini siz yaxshi ko‘rgansiz va qabul qilgansiz. Biz ham sizdan kuch olib, Turkiyaning 81 viloyatida franchayzalar, go‘sht, sut, asal va tuxum ishlab chiqarishga sarmoya kiritdik. Ammo so‘nggi paytlarda kompaniyaning tezlik bilan rivojlangani, uning atrofidagi yomon niyatli odamlarning qing‘ir yo‘l bilan foyda ko‘rgani va bunga intilganini juda kech anglab yetganim uchun men ham xuddi siz kabi vaziyat qurboni bo‘ldim. Chet elda bo‘lgan vaqtimda masalani hal qilish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qildim, ammo menga qarshi ochilgan jinoyat ishi va hibsga olish qarorlari tufayli hech qanday natijaga erisha olmadim. Men aybsizligimni isbotlash uchun o‘z xohishim bilan Turkiya sud tizimiga taslim bo‘laman. Turkiya sud idoralari tomonidan chiqariladigan qarorga va haqiqatni topishimizga shubha qilmayman», dedi u.

77 mingdan ortiq kishidan pul olgan

Sabah gazetasida 2018 yilda Dilek Gungor tomonidan e'lon qilingan xabarda Kapital bozorlari kengashining (SPK) hisobotiga ko‘ra, Çiftlik Bank 2016-2017 yillarda 77 ming 843 kishidan 511,7 million lira to‘plagan.

Xabarga ko‘ra, 62 ming 877 kishiga 398,3 million lira to‘langan, qolgan 113,4 million lira esa Shimoliy Kiprda tashkil etilgan Fame Game kompaniyasiga o‘tkazilgan. Pullar u yerdan Çiftlik Bank bosh direktori va asoschisi Mehmet Oydin va uning rafiqasining shaxsiy hisob raqamlariga yuborilgan.

Çiftlik Bank nima?

Çiftlik Bank nomli o‘yinga 2016 yil avgust oyida Mehmet Oydin tomonidan asos solingan.

Ijtimoiy media o‘yinlaridan biri bo‘lgan FarmVille’dan ilhomlanib yaratilgan Çiftlik Bank’da o‘yinchilar turli oltin qiymatlarga ega bo‘lgan turli qishloq xo‘jalik hayvonlarini sotib olishlari mumkin edi.

Umr ko‘rish davomiyligi 365 kun bo‘lgan hayvonlar uchun esa yem va ombor xarajatlari talab qilingan. Ushbu xarajatlarni qoplash uchun ham boqilgan hayvonlar bilan pul topish uchun raqamli to‘lov tizimlari ishlatilishi mumkin edi.

Отабек Тиллаев
Tayyorlagan Отабек Тиллаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid