O‘zbekiston | 22:17 / 06.07.2021
23459
3 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors ko‘p sotilmay qolayotgan “Trailblazer”ga chegirma qo‘lladi

UzAuto Motors “Trailblazer” avtomashinasi uchun 12 foizgacha chegirma e'lon qildi. Kompaniya bunday chegirmalar “omborda qolgan” avtomashinalar uchun berilishini bildirdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu aksiya ma'lum toifa davlat amaldorlariga “Trailblazer” sotib olish imkonini berishiga e'tibor qaratdi.

UzAuto Motors kompaniyasi xorijdan import qilinadigan “Trailblazer” yo‘ltanlamasiga 12 foizgacha chegirma e'lon qildi.

Avtomobilning chegirmasiz narxi – 398 mln so‘m. 31 iyulgacha davom etadigan aksiyada krossover 349 mln so‘mgacha arzonlashtirildi (farq – 49 mln so‘m).

Kun.uz kompaniya matbuot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, “Trailblazer” ko‘p sotilmay qolayotgani uchun shunday aksiya e'lon qilingan.

“Ko‘pincha, bunday chegirmalar omborlarda ko‘p miqdorda sotilmay qolgan avtomashinalar uchun beriladi. O‘tgan yili “Malibu” va “Tracker” avtomashinasi uchun aksiya e'lon qilingan. Bunday aksiyalar avval ham bo‘lgan», – dedi UzAuto Motors mas'uli.

Kun.uz suhbatlashgan Toshkentdagi avtosalonlar menejyerlariga ko‘ra, belgilangan chegirmalar avtomashinaning qachon ishlab chiqarilgani va rangiga qarab amal qiladi.

2021 yilda ishlab chiqarilgan “Trailblazer”larga (rangiga qarab) 1–3 foizgacha chegirma belgilangan bo‘lsa, 2020 yilda ishlab chiqarilganlariga (rangiga qarab) 7–12 foizgacha aksiya miqdorlari belgilangan.

Shunda “Trailblazer” (Blue me away rangida, 2020 yil)ning narxi eng kamida 349 million so‘mni tashkil etadi. Aksiya bilan eng yuqori narx qora rangli, 2021 yilda ishlab chiqarilgan “Trailblazer”ga to‘g‘ri keladi (394 million so‘m).

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ayrimlari bu chegirmalar ma'lum toifa amaldorlarga “Trailblazer”li bo‘lib qolish imkonini berganiga e'tibor qaratdi.

Qonunchilikka ko‘ra, vazirlar va davlat qo‘mitalari rahbarlarining o‘rinbosarlari hamda viloyatlar hokimlarining o‘rinbosarlariga biriktiriladigan avtomashinalar narxi 1500 BHMdan oshmasligi kerak. Ayni paytda bu summa 367 million so‘mni tashkil qiladi.

UzAuto Motors o‘tgan yili “Malibu” va “Tracker” uchun 5 va 10 foizlik chegirmalar e'lon qilgan; shuningdek, “Spark”, “Nexia”, “Lacetti” va “Cobalt” avtomashinalarini xarid qilib, yuz foiz to‘lovni oldindan o‘tkazgan xaridorlarga 3 milliondan 10 million so‘mgacha keshbek qaytarilishini xabar qilgan.

Mavzuga oid