08:40 / 07.07.2021
16169

Jyeff Bezosning boyligi rekord ko‘rsatkichga yetdi

Foto: AP

AQShning Amazon korporatsiyasi asoschisi, dunyoning eng badavlat odami Jyeff Bezosning boyligi rekord ko‘rsatkich – 211 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi.  

Axborot agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Bezosning aktivlari umumiy qiymati 6 iyuldagi savdolar natijalariga ko‘ra 8,44 mlrd dollarga oshib, 211 mlrd dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich Bloomberg’ning milliarderlar ro‘yxatiga kiritilgan kishilar uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Avvalgi rekord yanvar oyida qayd etilgandi. O‘shanda Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbari Ilon Maskning boyligi 210 mlrd dollarga yetgandi, biroq oxirgi oylarda bu qiymat 181 mlrd dollargacha qisqarib ketgan.   

5 iyulda Bezos o‘zi asos solgan Amazon kompaniyasi bosh direktori lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Amazon Web Services bulutli xizmatiga rahbarlik qilgan Endi Jyessi egalladi.

Ayni vaqtda Bezos Bloomberg’ning milliarderlar reytingida yetakchilik qilmoqda. 2-3-o‘rinlarni esa Ilon Mask va LVMH kompaniyalari guruhi prezidenti Bernar Arno (169 mlrd dollar) egallamoqda.

Bezos boyligining o‘sishi asosan Amazon aksiyalari narxi o‘sishi bilan bog‘langan. Mart oyidan beri ular 20 foizga qimmatlagan. Ma'lumotlarga ko‘ra, 6 iyulda kompaniya investorlari AQSh mudofaa vazirligi bulutli hisoblashlar sohasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 10 mlrd dollarlik shartnomani tuzishdan voz kechganini ijobiy qarshilashgan. Gap shundaki, ushbu shartnomani qo‘lga kiritish uchun Amazon va Microsoft kurash olib borgan, biroq u Microsoft’ga berilishi kutilayotgandi.

Mavzuga oid
Top