Jahon | 19:40
2100
2 daqiqa o‘qiladi

Turk milliarderi latifa aytgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkin

Prokuratura milliarder Rahmi Koch tomonidan aytilgan kurd ayoli haqidagi latifani kamsitish deb baholamoqda.

Foto: ru.haberler.com

Turkiyaning Izmir shahri bosh prokuraturasi biznesmen Rahmi Kochga nisbatan surishtiruv boshladi. 

«Izmir bosh prokuraturasi nomaqbul so‘zlar aytgan biznesmen R.K.ga nisbatan “aholi vakillarini ijtimoiy, irqiy, diniy, konfessiyasi, jinsi yoki hududiy tafovuti bo‘yicha omma oldida kamsitish” moddasi bo‘yicha surishtiruv boshlandi», — deyiladi prokuraturaning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Haberler nashrining ma’lumot berishicha, gap Koç Holding faxriy raisi Mustafa Rahmi Koch haqida bormoqda. U Balchova tumanidagi shifoxonaning ochilish marosimi chog‘ida kurd ayoli haqida latifa aytgan. 

Uning bu chiqishi aks etgan lavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan hamda ijtimoiy va siyosiy noroziliklarga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng Koch hech kimni haqoratlash niyatida bo‘lmaganini aytib uzr so‘ragan.

O‘sha marosimda qatnashgan Turkiya sobiq bosh vaziri Binali Yildirim ham tanqidlar ostida qolgan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari u Kochning so‘zlariga kulayotganiga e’tibor qaratishgan.

Koç Holding Turkiyadagi eng yirik konglomerat bo‘lib, energetika, avtosanoat, iste’mol mahsulotlari va moliya sohasida faoliyat yuritadi. 

6 iyun holatiga ko‘ra, Mustafo Rahmi Kochning boyligi 2,4 mlrd dollarni tashkil etadi. U Forbes milliarderlar ro‘yxatida 1761-o‘rinda qayd etilgan.

 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid