“Yangi O‘zbekiston davrida korrupsionerlar 3,2 trillion so‘mlik zarar keltirdi” - Bosh prokuratura
“Bularning qariyb 90 foizi undirib olindi”, dedi Bahriddin Valiyev. Korrupsion jinoyatlar uchun jazo kuchaytirilishi ma'lum qilindi.
Bosh prokuror o‘rinbosari Bahriddin Valiyev korrupsiyaga qarshi qabul qilingan prezident farmoniga qo‘shimcha sharh berdi.
“O‘tgan 4,5 yilda – yangi O‘zbekiston davrini olaylik, 9546 nafar shaxs turli toifadagi korrupsion jinoyatlarni sodir qilgan. Bu jinoyatlar oqibatida davlatga va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 3 trillion 200 milliard so‘mga yaqinni tashkil qiladi.
Bularning qariyb 90 foizi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan tergov va sudlar davomida undirib olindi. Lekin, buning ortidan jamiyat va fuqarolarning qancha aziyat chekishi, ularning sarson bo‘lishi va boshqa yetkazilgan zararlar to‘g‘risida gap ketmayapti. Shular ham hisobga olinsa, juda katta zararlar va oqibatlarga olib kelyapti.
Shuning uchun farmonda bizga vazifa qo‘yildiki, xalqaro tajriba va fuqarolarning fikrlari o‘rganilib, bunga jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonun qabul qilinadi.
Shu yil aprel oyida “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda ishtirok etganlarning 62 foizi korrupsiyaga qarshi kurashishda jinoiy javobgarlik choralarini og‘irlashtirish eng yaxshi chora degan fikr bildirgan. Jamoatchilik bu fikri ham hisobga olinib, farmonga kiritilgan”, – dedi bosh prokuror o‘rinbosari 9 iyul kungi matbuot anjumanida.
Bahriddin Valiyevning aytishicha, farmonda Bosh prokuraturaga tegishli idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish vazifasi belgilangan:
- korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;
- daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o‘rnatish;
- korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilash.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasida ham korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Xususan:
a) pora predmeti sifatida nafaqat moddiy manfaatdorlik, shuningdek, nomoddiy manfaatdorlik ham kiritilmoqda;
b) xalqaro ekspertlar tavsiyalariga ko‘ra, 3 turdagi harakatlar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanmoqda, jumladan:
- nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish;
- davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish;
- davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi.
Mavzuga oid
12:39 / 12.11.2024
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
20:06 / 11.11.2024
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi
19:42 / 07.11.2024
Taxiatosh tumani hokimi sobiq o‘rinbosari ozodlikdan mahrum etildi. U budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan
10:34 / 05.11.2024