Jahon | 23:45 / 10.07.2021
25770
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston Afg‘oniston bilan chegaraga harbiy texnika tashladi

Manba so‘zlariga ko‘ra, janubiy chegara otryadlaridan birida oxirgi uch sutka davomida bir necha marta jangovar trevoga e'lon qilingan.

Turkmaniston Afg‘oniston bilan chegaradagi Sarhadobod shahriga og‘ir harbiy texnika joylashtirmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Turkmen.news xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, chegaraga xususan, tanklar, zambaraklar va zirhli transportyorlar keltirilgan. Nashr manbalar xavfsizligi nuqtayi nazaridan tegishli fotosuratlarni chop etmagan.

Manba so‘zlariga ko‘ra, janubiy chegara otryadlaridan birida oxirgi uch sutka davomida bir necha marta jangovar trevoga e'lon qilingan. 9 iyulga o‘tar kechasi Afg‘oniston tomondan kuchli portlash ovozlari eshitilgan.

Afg‘on-turkman chegarasidagi «Akina» nazorat-o‘tkazuv punkti bir necha kundan buyon yopiq turibdi. Turkmaniston hukumati chegaraning Afg‘oniston tomonidagi hududlar toliblar nazoratiga o‘tayotgani munosabati bilan shunday qaror qabul qilgan.

«Akina» punkti orqali Turkmanistondan Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilardi, shu tufayli chegara zonasidagi afg‘onlar oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi muammosiga duch kelmoqda.

Rasmiy Dushanbe ham ommaviy safarbarlik e'lon qilgan. Zaxiradagi 20 ming kishi Tojikiston va Afg‘oniston chegarasiga yo‘naltirilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid