Mamlakatdagi 94-95 foiz chorvani yetishtirib beruvchi aholi vakillarining ko‘pchiligida chorva boqishga joy, yedirish uchun ozuqa yo‘q.

Shu sababli, odamlar bugun mol, qo‘ylarini bozorda ancha arzon narxda, asosan, qassoblarga sotishga majbur bo‘lmoqda.

Mutaxassislarga ko‘ra, ahvol shu darajada davom etib, shoshilinch choralar ko‘rilmas ekan, mamlakatni juda og‘ir oqibatlar: chorva sonining kamayib ketishi, go‘sht va sut mahsulotlari narxining esa keskin oshishi kutadi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston chorvachiligi tushib qolgan bugungi og‘ir ahvol, uning sabablari va ko‘rilishi kerak bo‘lgan shoshilinch choralar yuzasidan qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Nasriddin Xalilov bilan intervyu uyushtirdi.

— Bugun O‘zbekiston chorvachiligi to‘qnash kelgan mana shu og‘ir vaziyatning sabablari haqida gaplashsak. Nima uchun biz bugun bu holatga tushib qoldik?

— Bizda haqiqatan ham yaylov-cho‘l mintaqalaridagi o‘simliklarning soni, ayniqsa, ozuqaviy qiymati yuqori bo‘lgan o‘simliklarning kamayib borayotgani sezilmoqda.

Bu juda ko‘p omillar ta'sirida yuzaga kelayotgan voqelik, deb hisoblayman. Aslida, yaylov yerlarining hosildorligi uncha yuqori bo‘lmaydi, yaxshi bo‘lgan yillari gektaridan 3-4 sentnergacha hosil olish mumkin, xolos. Bu yilgi kabi yog‘ingarchilik kam yillarda bundan-da kamayib ketishi turgan gap.

Bugungi kunda O‘zbekistonning yaylov-cho‘l mintaqasida 23 mln. qo‘y-echki boqilyapti. Maydonimiz esa 21 mln. gektarga yetadi. Bunda Qizilqum, Qarnoqcho‘l, Qoraqum kabi juda katta massivlarni nazarda tutyapman. Mana shu maydonlarning mahsuldorligi pasayishi oxirgi yillarda juda kuchayib ketdi. Bunga sabab esa yaylovlar degradatsiyaga uchradi. Qo‘polroq qilib aytganda, tanazzulga uchray boshladi. Buning birinchi belgisi cho‘llanish jarayoni kuchayganida ko‘rinadi. Misol uchun, avval Qarnoqcho‘lda 85 turdagi o‘simlik uchragan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, 4-5 xil turdagi o‘simlikni uchrata olasiz, xolos. Ustiga-ustak bu o‘simliklarning aksari jonivorlar ozuqasi uchun yaramaydi, chorva yesa zaharlanadi. Holat shu darajaga kelib qolgan ekan, yaylovlarda ozuqaviy o‘simliklarni ko‘paytirish masalasi dolzarb bo‘lib qoladi. Shuning uchun birinchi yo‘nalishda ozuqaviy qiymati yuqori va hosilbop o‘simlik urug‘larini ko‘paytirish va yaylovlarga ekish kerak va shu orqali yaylov hosildorligini oshirish mumkin.