PQ-322-sonli qarorga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda 2026 yil 1 iyulga qadar yaylovlarni tiklash bo‘yicha loyihani boshlaydi.

Quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

  • jamoat yaylovlari tashkil etish — aholining uy sharoitida boqiladigan chorva mollarini oziqlantirish imkoniyatini kengaytirish;
  • yaylovlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish — mavjud yerlar holati va inventarizatsiyasi;
  • infratuzilmani tiklash — suv quduqlari qazish, o‘simlik turlarini ko‘paytirish, dronlar orqali urug‘ sepish va yaylovlardan samarali foydalanish choralari;
  • boshqaruvni kuchaytirish — Qoraqalpog‘iston va viloyatlar huzurida yaylov yerlarini boshqarish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha alohida direksiyalar tashkil etish;
  • doimiy monitoring — «O‘zdaverloyiha» huzurida Ma’lumotlar bazasini boshqarish markazi va «Raqamli qishloq xo‘jaligi» platformasida yagona axborot tizimini yo‘lga qo‘yish.

Qaror doirasida yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, serhosil cho‘l-yaylov o‘simliklari urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish hamda xorijiy tajriba (jumladan, Xitoy va Mo‘g‘uliston)ni amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan.