Jahon | 23:15 / 18.07.2021
10723
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston o‘z elchisi qizi o‘g‘irlanganidan keyin Pokistondan diplomatlarini chaqirtirib oldi

Afg‘onistonning Pokiston poytaxti Islomoboddagi elchisi va boshqa afg‘on diplomatlari Kobulga chaqirtirib olindi. Bu elchi Najibulla Alihaylning qizi Silsila Alihayl Pokistonda o‘g‘irlanib, qiynoqqa solinganidan keyin yuz berdi.

Foto: Flickr

Ta'kidlanishicha, yaqin kunlarda ushbu holatni tergov qilish va u bilan bog‘liq masalalarni hal qilish hamda choralar ko‘rish uchun afg‘on delegatsiyasining Pokistonga tashrifi rejalashtirilmoqda. 

17 iyulda Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi Pokistonda Afg‘oniston elchisining qizi o‘g‘irlanib, ozod qilinishidan oldin qiynoqqa solinganini ma'lum qilgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda Silsila Alihayl shifoxonada davolanmoqda.

Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi ushbu qabih harakatni qat'iyan qoralagan va Pokistondagi diplomatlari, ularning oilalari hamda siyosiy va konsullik vakolatxonalari xodimlarining xavfsizligi borasida jiddiy xavotir bildirgan.

Shu munosabat bilan vazirlik Pokiston hukumatini Afg‘onistonning elchixonasi va konsulxonasi xavfsizligi va o‘z diplomatlari daxlsizligini ta'minlash bo‘yicha tezkor choralar qabul qilishga chaqirgan.

Afg‘on tomoni qizni o‘g‘irlab ketganlar zudlik bilan topilishi va javobgarlikka tortilishini so‘ragan.

Mavzuga oid