Jahon | 15:25 / 19.07.2021
14302
9 daqiqa o‘qiladi

Yevropadagi suv toshqinlari: Hukumatga savollar, iqlim o‘zgarishlari va Merkelning chaqirig‘i

Suv toshqinlaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan Germaniya va Belgiya aholisi o‘z ko‘chalari, uylari va atrofdagi hududlarni tozalashga kirishdi. Tabiiy ofat vaqtida halok bo‘lganlar soni kamida 188 kishini tashkil etmoqda, yuzlab kishilar shu vaqtgacha bedarak qolmoqda, shu tufayli qurbonlar soni ortishi mumkin.

Germaniya kansleri Angela Merkel ro‘y bergan hodisalardan shokda ekani, ammo u nemislar bunday kunlarda yelkadosh bo‘layotganidan faxrlanishini aytib o‘tdi

Yakshanba kuni Reynland-Pfals federal yeridagi Shuld qishlog‘iga kelgan GFR kansleri Angela Merkel mamlakatda suv toshqinlari bilan bog‘liq vaziyatni qo‘rqinchli deb atadi. Bu region suv toshqinlaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlardan bo‘ldi.

«Bu aql bovar qilmas, qo‘rqinchli vaziyat, nemis tilida bu halokatni to‘la ifodalovchi so‘z topilmaydi», degan u jurnalistlarga.

«Ammo odamlar shunday birdamlik namoyish etib, bir-biriga yordam berishayotgani kishiga taskin beradi», deya qo‘shimcha qilgan kansler.

Merkel Shuld qishlog‘ida

Tabiiy ofatdan jiddiy zarar ko‘rgan hududlarda suv oqimi ortga qaytgan bo‘lsa-da, Yevropaning boshqa hududlarida kuchli yomg‘irlar tufayli suv toshqinlari davom etmoqda.

Germaniyada bu kabi suv toshqinlari qariyb 60 yildan buyon kuzatilmagandi. Mamlakat g‘arbidagi hududlar - Reynland-Pfals, Shimoliy Reyn-Vestfaliya va Saar federal yerlari tabiiy ofatdan katta zarar ko‘rdi. Germaniya meteorologiya agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, ayrim hududlarda bir kunda ikki oylik yog‘ingarchilik normasi yog‘gan.

Suv toshqinlari 18 iyul kuni Germaniya janubidagi Bavariya yerida ham davom etdi, buning oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan.

Kansler Angela Merkel Reynland-Pfals yeriga tashrif buyurib, tez orada moliyaviy yordam ko‘rsatilishini va'da qilgan. Moliya vaziri Olaf Sholtz Bild gazetasiga ma'lum qilishicha, hukumat odamlarga birinchi yordam sifatida 300 mln yevro ajratgan, yana milliard yevro vayron bo‘lgan uylar, ko‘chalar va ko‘priklarni tiklash uchun yo‘naltiriladi.

Qishloq ahli bilan uchrashuvda Angela Merkel hamdardlik bildirdi va dunyoni iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashda tezroq harakat qilishga chaqirdi

Yakshanba kuni Germaniyaning o‘zida 157 kishining o‘limi tasdiqlandi. Politsiya suv chekingach, yana ko‘plab jasadlar topilishini istisno etmayapti.

Reynland-Pfals yeridagi kurort shahar Bad-Noyyenar-Arvaylerda aholi ko‘chalarni chiqindilardan tozalashga kirishgan. Shahardagi ko‘plab korxonalar va kompaniyalar binolari vayron bo‘lgan, elektr toki va gaz o‘chirilgan, aloqa liniyalari buzilib ketgan. Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, Arvaylerda 110dan ortiq kishi halok bo‘lib, 670 kishi jarohatlangan.

Sentabr oyidagi saylovlardan keyin siyosatdan ketadigan Merkel uysiz qolgan aholi bilan gaplashdi va vayrona qishloq o‘rtasida matbuot anjumani o‘tkazdi

Mahalliy qandolatchi Gregor Degen «Frans press» agentligi bilan suhbatda korxona hududini tozalash uchun qo‘shnilarini yordamga chaqirgani haqida aytib o‘tgan.

«Barchasi butunlay vayron bo‘ldi, atrofni tanimayapman», deydi Reuters uchun intervyu bergan boshqa bir do‘kondor Maykl Lang.

Shimoliy Reyn-Vestfaliya yerida qutqaruvchilar suv olib ketgan avtomobillarni chiqindilar uyumlari orasidan chiqarib olish va yo‘llarni tartibga keltirish ishlarini boshlagan. O‘t o‘chirish xizmati vakili Elmar Mettkening aytishicha, mashinalardan jasadlarni tashishda foydalanilishi mo‘ljallangan.

Halokat Germaniya suv toshqinlaridan ogohlantirish tizimi global iqlim o‘zgarishlari sharoitida havo o‘zgarishlari haqida o‘z vaqtida xabardor eta olishi masalasida savollar tug‘dirmoqda.

Datchiklar suv haddan tashqari ko‘tarilishini qayd etganida, favqulodda holat haqida ogohlantirish berilib, aholi evakuatsiya haqida xabardor qilingan. O‘z navbatida, Reynland-Pfals yeri atrof-muhitni muhofaza qilish vazirining tan olishicha, kichik irmoqlardagi suvlar harakati jiddiy kuzatilmagan.

Ko‘p hududlarda suv sathi ortga qaytgan bo‘lsa-da, hukumat yuqori shaylik holatini saqlab qolmoqda.

Dam olish kunlarida Germaniya meteorologiya xizmati Bavariya janubi-sharqida havo harorati yomonlashishi va Dunay suvlari toshishi mumkinligidan ogohlantirgan. Yuqori Bavariya regionida kuchli yomg‘irlar tufayli yerto‘lalar va yo‘llar suv ostida qolgan.

Nafaqat Germaniya
Davomli yomg‘irlar yakshanbaga o‘tar kechasi Germaniya janubi va qo‘shni Avstriyada ham yangi suv toshqinlari keltirib chiqardi, buning natijasida chegaraning Germaniya tomonida bir kishi halok bo‘lgan.

Avstriyaning Zalsburg yerida shaharlardan biri suv ostida qolgan, uning aholisini evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. O‘t o‘chiruvchilar ma'lumotiga ko‘ra, Venada shanba kuni bir soat mobaynida undan oldingi yetti haftadagidan ko‘ra ko‘proq yomg‘ir yog‘gan.

Belgiyada to‘rt provinsiya jiddiy zarar ko‘rdi. Bosh vazir Aleksandr De Kro 20 iyulni milliy motam kuni deb e'lon qildi. U 27 nafar belgiyalik o‘limiga sabab bo‘lgan suv toshqinlari «mamlakatning yaqin tarixidagi eng halokatli hodisa» bo‘lganini ta'kidlagan.

Pepenster kommunasi - Belgiyaning eng ko‘p jabrlangan hududlardan biri

Niderlandiyadagi Limburg provinsiyasida suv to‘g‘onni buzib o‘tishi oqibatida minglab kishilar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lishgan. Maastrihtda va atrofdagi shaharlarda suv hafta oxiriga kelib chekingan va odamlar o‘z uylariga qayta boshlagan.

Shveytsariyada ham kuchli yomg‘irlardan keyin ko‘l va daryolar sathi ko‘tarilgan. Mamlakat poytaxti Bern shahridan o‘tuvchi Are daryosi qirg‘oqlari toshgan. Bazel aholisiga Reyn daryosidan uzoqroq bo‘lish tavsiya etilgan, Firvaldshtet ko‘lida (Lyutsern ko‘li nomi bilan ham ma'lum) ham suv toshgan.

Hukumatga savollar
Fojiadan keyin Germaniya hukumati manziliga tanqidlar yog‘ildi, hukumat vakillari iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan ekstremal havo sharoitlariga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmaslikda ayblanmoqda. Ekspertlar global isish kuchli yog‘ingarchiliklarni keltirib chiqarishini tasdiqlashmoqda. Sanoat erasi davri boshidan buyon dunyodagi o‘rtacha harorat taxminan 1,2 darajaga oshgan.

Kansler Angela Merkel suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan Germaniya g‘arbidagi boshqa hududlarga ham tashrif buyurishni rejalashtirgan. Shimoliy Reyn-Vestfaliya yeri va Merkelning XDI (Xristian demokratlar ittifoqi) partiyasi rahbarligidagi vorisi Armin Lashet jabrlanuvchilarga tez fursatlar ichida moddiy yordam ko‘rsatilishini bildirgan. «Barchasini tiklash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz», degan u.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Lashetni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer suv toshqinlari qurbonlari uchun hamdardlik bildirayotgan mahalda o‘z hamkasblari bilan kulishib turgani uchun tanqid qilishmoqda.

Keyinroq Lashet tvitterdagi sahifasi orqali o‘z xatti-harakatlari uchun afsusda ekanini ma'lum qildi, ammo uni qoralash davom etmoqda. «Lashet kulmoqda, mamlakat esa yig‘lamoqda», deyiladi Bild gazetasi saytidagi sarlavhada.

Ro‘y bergan hodisalar iqlim o‘zgarishlari muammosining mamlakat siyosiy hayotidagi ahamiyatini yanada oshirdi. Bir necha oydan keyin mamlakatda umummilliy saylovlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

So‘rovlarda Germaniya Xristian-demokratlar ittifoqi yetakchilik qilmoqda, ammo Merkel xonimning vorisi bo‘lmish Lashet ekologiya muammolariga qayg‘urishi bilan tanilmagan - u ko‘mir qazib olish va avtomobilsozlik sanoatini qo‘llab-quvvatlaydi. Zeit nashri uni «reallikdan qochuvchi siyosat tarafdori» deb atagan.

XDIning bu saylovlardagi asosiy raqobatchisi Yashillar partiyasi va uning yetakchisi Annalena Berbok hisoblanadi, u iqlim o‘zgarishi masalasini birinchi o‘ringa qo‘ygan.

Iqlim o‘zgarishi nima uchun suv toshqinlariga olib keladi?

  • Harorat ko‘tarilishi katta miqdordagi suvlarni bug‘lantiradi. Natijada yog‘ingarchilik hajmi ortadi.
  • Nisbatan iliq atmosfera katta miqdordagi namlikni saqlab turishga qodir va bu ham yog‘inlar intensivligini oshiradi.
  • Natijada kuchli yomg‘irlar yog‘ib hozirda G‘arbiy Yevropada kuzatilayotgani kabi suv toshqinlari yuzaga keladi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid