Sport | 13:26 / 22.07.2021
5236
5 daqiqa o‘qiladi

Braziliya Olimpiada chempionligini o‘zida saqlay oladimi? Tokio-2020 futbol bahslari ishtirokchi jamoalari, o‘yinlar va yulduzlar haqida

Bugun, 22 iyuldan 7 avgustga qadar Yaponiya yashil maydonlarida Yozgi Olimpiada O‘yinlari-2020 futbol turniri o‘tkaziladi. Musobaqa oldidan Tokio-2020 futbol bahslari ishtirokchi jamoalari, formati, stadionlar va taniqli futbolchilari bilan tanishing.

Qaysi jamoalar ishtirok etadi?

Olimpiada o‘yinlarining erkaklar futbol turniri barcha futbol muxlislarining katta qiziqishiga sabab bo‘ladi. Musobaqada sayyoramizning olti futbol konfederatsiyasidan 16 jamoa ishtirok etadi. Ishtirokchilar orasida Fransiya, Argentina, Ispaniya, Braziliya va Germaniya kabi jahonning yetakchi jamoalari ham bor. Aynan ularning musobaqa g‘olibligi va sovrinli o‘rinlar uchun imkoniyatlari yuqori va ular favorit sifatida e'tirof etilishmoqda. Osiyo sharafini turnirda Yaponiyadan tashqari Avstraliya, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni jamoalari himoya qilishadi.

Kim qaysi guruhda? 

Jamoalar quyidagi guruhlarga bo‘lingan holda bahs olib borishadi:

1-tur o‘yinlari vaqti:

22 iyul (payshanba)

13:00. Misr - Ispaniya          

13:00. Meksika - Fransiya     

13:00. Yangi Zelandiya - Janubiy Koreya        

13:30. Kot-d'Ivuar - Saudiya Arabistoni     

15:30. Argentina - Avstraliya

16:00. Honduras - Ruminiya   

16:00. Yaponiya - JAR 

16:30. Braziliya - Germaniya   

Musobaqa formati

Guruh bahslari 22 iyuldan 28 iyulga qadar davom etadi. Har bir guruhdagi ikki yetakchi pley-offga chiqishadi. Ular to‘rt juftlikka bo‘lingan holda 31 iyul kuni chorakfinal bosqichida bellashishadi. 3 avgustda 1/2 final uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Final o‘yini 7 avgustda Yokogama shahrida, bronza medali uchun o‘yin esa 6 avgustda Saytama shahrida o‘tkaziladi.

Mezbon shaharlar va stadionlar

O‘yinlar Yaponiyaning quyidagi shaharlaridagi stadionlarida bo‘lib o‘tadi:

«Kashima Stedium», Kashima shahri, 42000 o‘rin

«Miyagi Stedium», Rifu shahri, 48000 o‘rin

«Saytama Stedium 2002», Saytama shahri, 62000 o‘rin

«Sapporo Stedium», Sapporo shahri, 42000 o‘rin

«Tokio Stedium», Tokio, 60102 o‘rin

«Interneshnl Stedium Yokogama», Yokogama shahri, 70000 o‘rin.

Asensio, Pedri, Dani Alves, Risharlison, Bayi...

Jamoalar «zayavka»lari 22 nafar futbolchidan iborat. Turnirda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirok etishadi hamda har bir jamoa yoshi borasida chegara bo‘lmagan uch nafardan o‘yinchini jalb qilish imkoniyatiga ega.

Terma jamoalar tarkibiga nazar tashlar ekanmiz, bir qator taniqli hamda iste'dodli futbolchilar kunchiqar yurtga tashrif buyurganiga guvoh bo‘lamiz.

Jumladan, Andre-Per Jinyak, Florian Toven (Fransiya), Xiroki Sakai, Mayya Yoshida, Ritsu Doan, Takexiro Tomiyasu (Yaponiya), Gilermo Ochoa (Meksika), Li Kan In (Janubiy Koreya), Muhammad Ash-Shenavi (Misr), Unay Simon, Oskar Mingesa, Pau Torres, Marko Asensio, Dani Sebalos, Mikel Oyarsabal, Erik Garsiya, Karlos Soler, Pedri, Dani Olmo (Ispaniya), Diyego Karlos, Duglas Luis, Brunu Gimaraes, Mateush Kunya, Risharlison, Dani Alves, Reyner, Gabriel Martinelli (Braziliya), Maksimilian Arnold, Maks Kruze, Nadem Amiri (Germaniya), Erik Bayi, Frank Kesse, Amad Diallo, Maks Gradel (Kot D‘Ivuar), Yossir Ash-Shahroni, Salim Ad-Davsari, Salmon Al-Faraj (Saudiya Arabistoni).

Braziliya chempionlikni himoya qila oladimi?

So‘nggi Olimpiada o‘yinlari futbol turniri 2016 yil yozda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan va u maydon egalarining yorqin g‘alabasi bilan tarixda qolgan. O‘shanda Neymar yetakchiligidagi Braziliya hal qiluvchi o‘yinda Germaniya bilan kuch sinashgan. Uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqtida 1:1 hisobidagi durang qayd etilgan, penaltilar seriyasida esa omad braziliyaliklarga kulib boqqan – 5:4. Bronza medali esa Gondurasni 3:2 hisobida mag‘lub etgan Nigeriyaga nasib etgan. Ko‘ramiz, kuchli va nomdor tarkib bilan kelgan Braziliya Yaponiyada ham chempionlikni munosib himoya qila olarmikan..?

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid