Jamiyat | 13:44 / 25.07.2021
3474
3 daqiqa o‘qiladi

2 yoshli qizaloq oyog‘idan ajralib qolishi mumkin – u yaxshilar ko‘magiga muhtoj

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Nurafshon mahallasida yashaydigan 2 yoshli Robiya sog‘lom tug‘ilgan bo‘lsa-da, shifokorning birgina noto‘g‘ri ukol qilishi oqibatida oyoq qismida shish paydo bo‘la boshlagan.

Qizni 2021 yilning yilning fevral oyida Jizzax shahrida joylashgan onkologiya shifoxonasiga olib borishadi. Tekshiruvlardan so‘ng bolani zudlik bilan operatsiya qilish zarurligini, yo‘qsa, bir oyog‘ini kesishdan o‘zga chora qolmasligini ma'lum qilishadi. Hozirga qadar oilaning topgan puli qizaloqning davolanishi uchun sarflanmoqda. Uning davolanishi uchun saxiy hamyurtlarimizning moddiy va ma'naviy yordami kerak bo‘lib turibdi.

«Ikkalamiz ham bolalar uyida katta bo‘lganmiz. Dastlab ijaraga xonadon olib yashay boshlaganmiz. U yerda gaz, elektr energiyasi deyarli bo‘lmasdi. 2018 yilda prezidentimiz tomonidan bizga namunali uylardan sovg‘a qilindi. O‘zim kunlik ishlarda ishlayman. So‘nggi vaqtlarda o‘zimni ham sog‘ligim yomonlashgani tufayli ro‘zg‘orda ham qiynalib qoldik. Imkoningiz bo‘lsa, yordam berishlaringizni so‘rayman», – deydi Maksim Jukov.

Nurafshon mahallasida yashovchi Maksim Jukov va Sohiba Jukova bolaligidan ota-onasiz, mehribonlik uyida birga o‘sib ulg‘aygan. 2018 yilda ularning ikkinchi farzandi – Robiyaxon dunyoga keladi. Tug‘ruqxonada shifokor tomonidan uning tovon qismiga qilingan birgina noto‘g‘ri ukol ta'sirida oyog‘ining to‘piq qismida shish va terining qorayishi paydo bo‘lgan. Ota-onasining aytishicha, qizi Robiyaxon ko‘p vaqt tik holda tura olmaydi. Ozroq yurganidan so‘ng oyog‘idagi og‘riq kuchayadi. Hatto tunlari yig‘lab chiqadi.

«Xo‘jayinim bilan 2013 yilda turmush qurdik. Hozirda ikki nafar farzandim bor. Birinchi farzandimiz tug‘ilgan vaqtda ijarada yashaganmiz. Juda ko‘p qiyinchilik kunlarni boshdan o‘tkazdik. Hattoki qor yoki yomg‘irda ham ko‘chalarda «baklashka» terib, birovlarning yumushlarini bajarib, halol pul ishlab topardik. Xo‘jayinim ishlagani zo‘rg‘a tirikchiligimizga yetadi. Ba'zan sog‘ligi ko‘tarmaydi. Ishlagan puli ko‘proq davolanishga ketadi. Sizlardan, agar imkoniyatingiz bo‘lsa, yordam berishlaringizni so‘rayman. Chunki boshqa imkoniyatim ham yo‘q», – deydi Sohiba Jukova.

Oila saxiy insonlarning ko‘magiga juda muhtoj. Robiyaxonning Samarqand shahrida malakali operatsiya qilish xarajatlari uchun 10 million so‘mga yaqinroq, to‘liq davolanib chiqishi, dori-darmonlari uchun yana biroz mablag‘ zarur. Ularning bor umidlari yaxshi insonlarning yordamidan bo‘lib qolmoqda.

Robiya Jukovaga oid ma'lumot:

Uzcard: 8600 0609 6216 8077 onasi Sohiba Jukova nomida.

Telefon: +94 2531889, +94 021 10 89

Shuhrat Yunusov tayyorladi

Mavzuga oid