Jahon | 20:22 / 27.07.2021
10208
2 daqiqa o‘qiladi

Uchta davlat harbiylari ishtirokida Afg‘oniston bilan chegarada mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston, Tojikiston va Rossiyaning 1,5 mingdan ko‘proq harbiysi ishtirokida Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Xatlon viloyatida joylashgan Harb-Maydon poligonida qo‘shma mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Mashg‘ulotlar 5 avgustda boshlanib, 10 avgustgacha davom etadi.

Mashg‘ulotlar davomida harbiylar jinoiy guruhlarning bostirib kirishidan himoyalanish va radikal terrorchi guruhlarni yo‘q qilish mashqlarini bajarishadi. Bundan tashqari, razvedka-o‘t va razvedka-zarbdor majmualarni qo‘llagan holda taktik harakatlar mashq qilinadi. Mashg‘ulotlar vaqtida 300ga yaqin harbiy texnika vositasini qo‘llash rejalashtirilgan.

Rossiya mashg‘ulotlarga mingga yaqin harbiy jo‘natadi. Rossiyaning mashg‘ulotlarda ishtirok etuvchi qo‘shinlari asosini Tojikistondagi 201-harbiy baza bo‘linmalari hamda Markaziy harbiy okrugning maxsus qo‘shilmalari guruhlari shakllantiradi. Bundan tashqari, mashg‘ulotlarda radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik himoya mutaxassislari va radioelektron kurash mobil guruhlari ishtirok etadi.

Shuningdek, 30 iyuldan 10 avgustgacha Rossiya va O‘zbekiston harbiylari ishtirokida Surxondaryo viloyatida ham mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ularda ham 1,5 mingga yaqin harbiy ishtirok etishi kutilmoqda.

Mashg‘ulotlar Afg‘onistonda NATO va AQSh qo‘shinlari olib chiqilayotgani ortida hukumat qo‘shinlari va toliblar o‘rtasidagi qarama-qarshilik qayta boshlangani bilan bog‘liq holda o‘tkazilmoqda. Vaziyat keskinlashgani sababli 22 iyulda tarixda birinchi marta Tojikiston qurolli kuchlari jangovar shaylik holatiga keltirildi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid