Sport | 17:49 / 31.07.2021
7248
1 daqiqa o‘qiladi

Gruziyalik ikki dzyudochi koronavirus cheklovlarini buzgani uchun Olimpiadadan chetlashtirildi

Ular Tokioning diqqatga sazovor maskanlarini tomosha qilish uchun Olimpiya qishlog‘ini tark etib cheklov qoidalarini buzgan.

Lasha Shavdatuashvili / Foto: Reuters

Gruziyalik ikki nafar dzyudochi koronavirus cheklovlarini buzgani uchun Olimpiada o‘yinlaridan chetlashtirildi va Tokioni tark etdi. Bu haqda Kyodo agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ular Tokioning diqqatga sazovor maskanlarini tomosha qilish uchun Olimpiya qishlog‘ini tark etib cheklov qoidalarini buzgan va Tokio minorasi oldida bir necha kishi bilan suratga tushgan.

Xabarga ko‘ra, chetlatilgan sportchilar Olimpiada o‘yinlarining kumush medal sovrindorlari Vaja Margvelashvili va Lasha Shavdatuashvilidir.

Tokiodagi Olimpiada va Paralimpiada o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi vakili Masanori Takaya qoida buzgan sportchilarga Olimpiada o‘yinlarida qatnashishga ruxsat berilmasligini aytdi.

Sportchilarga shaharni aylanish va turistik maskanlar, do‘konlar, restoran, bar yoki mashg‘ulot zallariga borish taqiqlanadi. 

Tokio Olimpiadasi 23 iyulda boshlandi va 8 avgustgacha davom etadi. Yaponiya poytaxtida 12 iyuldan favqulodda vaziyat rejimi joriy etilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid