Jahon | 23:44 / 02.08.2021
7018
2 daqiqa o‘qiladi

Twitter asoschisi 29 milliard dollarga moliya kompaniyasini sotib oldi 

Twitter asoschisi Jyek Dorsiga tegishli Square to‘lov kompaniyasi Avstraliyaning Afterpay moliya kompaniyasini 29 mlrd dollarga sotib olish haqida bitim imzoladi. Ushbu bitim qiymati Avstraliya kompaniyalari uchun eng yirigi hisoblanadi.

Foto: Getty Images

Ta'kidlanishicha, ushbu xarid kompaniyalarga jozibador moliyaviy mahsulotlar va xizmatlarni yaxshiroq taqdim qilishga imkon beradi.    

Bitimni 2022 yil 1-choragida yopish rejalashtirilgan.

Afterpay xizmati foydalanuvchilarga onlayn tarzda BNPL, ya'ni “buy now, pay later” — “hozir sotib ol, keyin to‘la” tamoyili asosida xaridlar amalga oshirishni taklif qiladi. Hozirda bunday xizmat internet orqali to‘lovlarni amalga oshirishda tobora ommalashib bormoqda. Ayni vaqtda Apple ham shunday xizmatni yo‘lga qo‘yish ustida ishlar olib bormoqda.

Afterpay texnologiyasi foydalanuvchilarga tovarlarni darhol olgan holda unga to‘lovni foizsiz 4ga bo‘lib amalga oshirishga imkon beradi. Mijozlar avtomatik to‘lovni o‘tkazib yuborganlaridagina komissiya to‘laydilar. Agar qarzdorlik yuzaga kelsa, qarz to‘lanmaguncha foydalanuvchining akkaunti bloklab qo‘yiladi.

Ta'kidlanishicha, Square ushbu texnologiyani o‘zining Seller va Cash App bo‘linmalariga integratsiya qilmoqchi.

30 iyun holatiga ko‘ra, Afterpay xizmati butun dunyo bo‘ylab 16 mlndan ko‘proq xaridor hamda moda, uy va sport tovarlari kabi sohalarda faoliyat yurituvchi 100 mingga yaqin sotuvchiga xizmat ko‘rsatgan.

Mavzuga oid