16:17 / 04.08.2021
11315

Yolg‘iz ona faryodi: “Qizim davolanishi uchun ikkita uyimizni sotdik, yetmaganiga 57 yoshimda tilanchilik qilyapman...”

Tahririyatimizga og‘ir operatsiya tufayli saxiylar ko‘magini so‘rab murojaat qilayotganlar juda ko‘p. Qoraqalpog‘istonlik Viktoriya Jumasheva ham og‘ir dardga chalingan. Sog‘ayishning, hayotni saqlab qolishning yagona chorasi o‘pka ustida Germaniyada amaliyot o‘tkazish.

Viktoriyaga yolg‘iz onasi Bag‘dagul opa Gulimbetova qarab, parvarishlab kelmoqda. Viktoriyaning ikki o‘pkasini ham kasallik qoplab olgan. Shifokorlarning aytishicha, birinchi o‘pka butunlay ishdan chiqqan. Ikkinchi o‘pka 40 foiz ishlayapti. Unga "Chap o‘pkaning total kistoz-bullyoz transformatsiyasi, o‘ng o‘pka emfizemasi" tashxisi qo‘yilgan.

Ona va qiz 7 yildan beri dard bilan kurashib kelmoqda. 57 yoshni qarshilagan yolg‘iz ona qizining tuzalib ketishi uchun ikkita uyini sotgan. Uylarning puli dori-darmon va Viktoriyani operatsiya qildirishga ketgan. Oxirgi amaliyot Germaniyada qilinishi kerak. Yolg‘iz onaizorga hech qayerdan yordam bo‘lmagach, bo‘yniga plakat taqib ko‘chaga tilanchilikka chiqib ketdi. Bag‘dagul opa tilanchilik qilish uchun asosan Nukusdagi bozorga va juma kunlari masjidga chiqadi. Har kim unga qo‘lidan kelganicha yordam beradi.

Bag‘dagul opa yordam ilinjida ba'zi “bloger”larga ham aldanib qoladi. Uning bozorda tilanchilik qilayotgan videolarini ijtimoiy tarmoqqa joylagan "YouTuber"lar Bag‘dagul opaga xayriyaga yig‘ilgan pulni olib kelib berishmaydi. Ba'zilari esa Bag‘dagul opa nomiga ochilgan karta o‘rniga boshqa karta raqamini qo‘yib pul ishlashadi.

"Ko‘p qiynaldik. Hamma bizlardan voz kechib ketdi. Qarindoshlarimiz boshida yordam berib turishdi. Keyin o‘zimiz bilan o‘zimiz qoldik. Ijarada yashadik. Kunning sovug‘ida u yerdan ham chiqarib yuborishdi. Kvartirama-kvartira yurdik. Juda qiynaldik. Oxiri bozorga plakat ko‘tarib chiqishga majbur bo‘ldim”, – deydi chorasiz qolgan ona biz bilan suhbatda.

Biz bemor Viktoriya Jumasheva bilan ham suhbatlashishga harakat qildik. Ammo bitta o‘pkaning yarmi bilan qolgan qiz gapirishga qiynaldi. Ikki og‘iz so‘zlagandan keyin nafas olishi qiyinlashib qolaverdi.

Viktoriyaning Germaniyadagi operatsiyasiga zarur 26 ming yevro mablag‘ni yig‘ish uchun saxovatli hamyurtlarimiz yordami kerak. Ona va qizda bor-yo‘g‘i 5 oy vaqt qolgan. Yaxshiki bunday insonlar juda ko‘p va bu bemorni ham yolg‘izlatib qo‘ymaydilar.

Viktoriya Jumashevaga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 3022 3665 (Xalq banki, onasi Bag‘dagul Gulimbetova nomida)

Viza: 4790 9122 1018 5387 (onasi Bag‘dagul Gulimbetova nomida)

Yandex hamyon: 4100 1162 7228 2907

Telefon: +99893 367 93 26 (onasi)

Shuhrat Saidahmadov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top