Jahon | 23:51 / 05.08.2021
5049
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada mehnat migrantlari barmoq izlarini topshirishi majburiy qilinadi

Rossiyada mehnat migrantlari daktiloskopiyadan o‘tishi, ya'ni barmoq izlarini topshirishi majburiy qilinadi. Rossiya ichki ishlar vazirligida ma'lum qilinishicha, 29 dekabrdan kuchga kiradigan ushbu qoida Rossiyaga 90 kundan ko‘proqqa keladiganlar uchun taalluqli bo‘ladi.

Foto: Kommersant'

“2021 yil 29 dekabrda Rossiyaga 90 kundan ko‘proqqa ish izlab kelgan xorijiy fuqarolar va boshqa toifadagi xorijliklar majburiy daktiloskopiyadan o‘tishini ko‘zda tutuvchi federal qonun kuchga kiradi”, deb aytilgan vazirlikda.

Ushbu qonun bilan xorijliklar uchun rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslari bo‘yicha imtihon talablariga amal qilishi ortidan davlat nazorati o‘rnatilishi hamda xorijliklarga imtihondan o‘tganlik haqida tegishli sertifikat berilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, xorijliklar uchun elektron axborot tashuvchiga ega yagona hujjat kiritish rejalashtirilgan. Uning tatbiq etilishi xorijliklarning 100 foiz identifikatsiyasini ta'minlashga imkon beradi.

1 iyulda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyaga 3 oydan ko‘proq muddatga keluvchi xorijliklar uchun majburiy biometrik ro‘yxatdan va tibbiy ko‘rikdan o‘tish haqidagi qonunni imzolagandi. Ushbu hujjat daktiloskopiyadan o‘tish, suratga tushish va tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiyatini qo‘yadi. Qonunga ko‘ra, Rossiyaga ishlagani keluvchi xorijliklar 30 kun ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari lozim.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid