Jahon | 23:50 / 06.08.2021
9790
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda yirik kompaniyalardan biri “ochko‘zligi” uchun jazolandi

Xitoy antimonopol xizmatlari taomlar yetkazuvchi yirik xizmat Meituan kompaniyasini “ochko‘zligi” uchun jazolashga qaror qildi. Gap shundaki, kompaniya hamkor firmalarga o‘ziga raqobatchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilishni taqiqlagan.

The Wall Street Journal nashrining vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, kompaniyaga 1 mlrd dollar jarima solinadi. Bundan tashqari, u o‘z ishlash tamoyillarini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi. Rasmiy idoralar bu borada yaqin haftalarda bayonot beradi.

Hozirda kompaniya “ikkisidan birini tanla” shiori ostida faoliyat yuritadi. Ya'ni Meituan xizmati orqali tovarlari yetkaziladigan firmalar boshqa bunday kompaniyalar xizmatlaridan foydalana olmaydi. Bunday sharoitda kichik korxonalarga ayniqsa qiyin bo‘ladi, chunki ular o‘z tovarlarini joylashtiradigan platformalar soni kamaygan sari o‘z daromadining katta qismini yo‘qotadi.

Xitoy antimonopol idoralari Meituan’ga qarshi aprelda tergov boshlagan. Kompaniya bunga qarshilik ko‘rsatmagan va tergovga yordam berish majburiyatini zimmasiga olgan. Aprelda Xitoyning gigant kompaniyalaridan biri Alibaba bozordagi ustuvor mavqeyini suiiste'mol qilgani uchun ichki bozordagi yillik tushumining 4 foizi miqdorida, ya'ni 2,8 mlrd dollar jarima to‘lagandi. Xitoy qonunchiligiga ko‘ra, bu turdagi jarimalar kompaniya yillik tushumining 10 foizidan oshmasligi kerak.

Meituan Xitoyda taom yetkazuvchi eng yirik xizmat hisoblanadi. U orqali mahsulotlar sotib olish va mehmonxonalarni bronlash ham mumkin. 2020 yilda kompaniyaning tushumi 17,8 mlrd dollarni tashkil qilgan, bozor qiymati esa 170 mlrd dollarga yetgan. Kompaniya kapitallashuvi bo‘yicha Xitoyda faqatgina texnologik gigantlar — Alibaba Group va Tencent’dan keyingi o‘rinda turadi. 

Mavzuga oid