O‘zbekiston | 08:00 / 07.08.2021
3987
3 daqiqa o‘qiladi

USAID O‘zbekiston maktablariga 10 mln dollarlik darsliklar to‘plamini taqdim etadi

Kecha, 6 avgust kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi uchun xalqaro nashriyotlar ishlab chiqqan ikkita turkum darsliklar uchun litsenziya olganini e'lon qildi. 

AQSh elchixonasi xabariga ko‘ra, 10 mln dollar qiymatiga teng turkum 5-11-sinflar uchun «Informatika va axborot texnologiyalari» fani bo‘yicha darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar, shuningdek, 1-11-sinflar uchun «Xorijiy til – ingliz tili» fanidan darsliklar, ish daftarlari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalardan iborat.

O‘zbekiston kontekstiga moslashtirilgan darsliklar 2021-2022 o‘quv yilida 200ta maktabda sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu darsliklarning respublika bo‘yicha 6,5 mlndan ortiq o‘quvchi o‘rtasida taqsimlanishi 2022-2023 o‘quv yilidan boshlanadi.

Darsliklarga qo‘shimcha ravishda, USAID Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda USAID moliyalashtiradigan “O‘zbekistonda barkamollik uchun ta'lim dasturi” doirasida ishlab chiqilgan “Ona tili” va “Matematika” (1-4-sinflar), shuningdek, “Informatika va axborot texnologiyalari” (5-11-sinflar) fanlaridan ta'lim standartlarini topshirdi. Xalqaro andozalarga maksimal moslashtirilgan ushbu yuqori sifatli asosiy hujjatlar Xalq ta'limi vazirligiga ta'lim tizimini modernizatsiya qilishda yordam beradi.

“Yuqori sifatli ta'lim – taraqqiyotning kuchli drayveri hamda qashshoqlikni kamaytirish va sog‘liqni saqlash, gender tengligi, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning eng kuchli vositalaridan biri. Bolalar bilim olib, muvaffaqiyat qozonsa, ular o‘z hayotini va o‘z mamlakatini o‘zgartiradigan kattalarga aylanadilar”, dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum. “Qo‘shma Shtatlar Xalq ta'limi vazirligini va umumiy o‘rta ta'lim sohasida tizimli va keng qamrovli islohotlar dasturiga sodiqligini qo‘llab-quvvatlaydi”, deb qo‘shimcha qildi u.

USAID Xalq ta'limi vazirligini islohotlarni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash uchun 2019 yilning sentyabr oyida besh yillik Ta'lim tizimini rivojlantirishda ko‘maklashish grant shartnomasini (DOAG) imzoladi. Ushbu shartnoma AQSh va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida rivojlanish bo‘yicha birinchi keng qamrovli ikki tomonlama grant shartnomasidir.

Bugungi kunga kelib DOAG doirasida 19,5 million AQSh dollari ajratildi. Kecha USAIDning O‘zbekistondagi Missiyasi direktori Mikaela Meredit va O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov DOAG doirasida yana 5,5 million AQSh dollari ajratishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha hujjatni imzoladi. Bu mablag‘lar yoshlarning ishga kirishidan oldin ularning tadbirkorligi va ishga tayyorligini oshirish uchun ishlatiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid