15:33 / 08.08.2021
18119

Davlatdan xalos bo‘lgan Coca-Cola, «gul vazirligi»ga milliardlar, qimmatlagan oziq-ovqat – haftaning pullik xabarlari

Avgustning ikkinchi haftasida O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim yangiliklar sodir bo‘ldi Kun.uz haftaning pullik xabarlarini to‘pladi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun 780 mln dollar ajratadi

Xalqaro valuta jamg‘armasi koronavirus pandemiyasidan keyin jahon iqtisodiyotini tiklash uchun o‘z zaxiralaridan 650 mlrd dollar ajratilishini ma'qulladi.

O‘zbekistonning XVJda bugungi kundagi kvota ulushi 0,12 foizga teng. Bu degani taxminan 780 mln dollar (650 milliard so‘mning 0,12 foizi) O‘zbekistonga taqsimlanishini anglatadi.

Davlat qarzini boshqarishga oid qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

Moliya vazirligi tomonidan “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Hujjatda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarini belgilash, qarz mablag‘larini boshqarishda parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish nazarda tutilmoqda.

“Rivojlanmasligimizga mentalitetimiz sabab degan gaplar bir tiyinga qimmat” - Behzod Hoshimov

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz’ga intervyu berdi. “Odamlardan nima uchun kambag‘almiz, deb so‘rasangiz, “Korrupsiya qonimizda bor, mentalitetimiz shunaqa”, deyishadi. Bular – bir tiyinga qimmat gaplar. Korrupsiyaga moyilligimiz, odamlardagi qandaydir “ayblar” yoki dengizdan uzoqligimiz kabilar emas, siyosiy institutlarimizning sifati pastligi – asosiy sabab”, – dedi u.

To‘liq intervyu bu yerda.

Bir yil ichida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari keskin qimmatlashdi

Kun.uz bir yillik oziq-ovqat narxlari o‘sish dinamikasini tahlil qildi. O‘tgan yilning iyul oyi bilan taqqoslanganda, suyakli mol go‘shti 17,4 foizga, kungaboqar yog‘i 60,5 foizga, paxta yog‘i esa 61,2 foizga, shakar narxi 33,1 foizga qimmatlashgan.

O‘zbekistonda Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etilib, unga 20 mlrd so‘m ajratildi

O‘zbekistonda Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etildi. 4 avgustdagi qarorga muvofiq, uyushmani tashkil etishga 20 mlrd so‘m ajratiladi.

Hujjatga asosan, 2021–2024 yillarda yillik eksport tushumida gul eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni va 100 ming AQSh dollaridan ko‘pni tashkil qiladigan tadbirkorlik sub'yektlarining xomashyo (gul ko‘chatlari, urug‘lari, piyozlari va payvandtaglari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.

KIA O‘zbekistonda yana ikkita modeldagi avtomobillar sotuvini boshladi

KIA Stinger va Carnival modellari sotuvini boshladi. Bungacha  Seltos, K5, Sorento va Soul modellari sotuvga chiqarilgandi.

Avgust oyidan boshlab sotuvda Stringer (649 900 000 so‘mdan boshlanadi) va  Carnival (499 900 000 so‘mdan boshlanadi) modellari paydo bo‘ldi.

Statqo‘m aholining 10 yillik daromadlarini qayta hisobladi

Statistika qo‘mitasi uy-joy ijarasi narxi ham aholi daromadlariga kiritilishini ma'lum qildi. Qo‘mita aholining 10 yillik daromadlarini qayta hisoblab chiqdi. Natijada aholi daromadi  18,8 trln so‘mga ko‘paydi.

Coca-Cola Uzbekistan kompaniyasi 252 mln dollarga xususiylashtirildi

Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd MChJ ustav kapitalidagi davlatning 57,118 foiz ulushi Turkiyaning Coca-Cola İçyecek A.Ş. kompaniyalar guruhiga sotilmoqda. Kelishuv qiymati – 252,28 mln dollar.

Top