O‘zbekiston | 09:54 / 10.08.2021
9947
3 daqiqa o‘qiladi

Ixtisoslashgan maktablar uchun elektron imtihonlar qanday o‘tyapti?

O‘zbekistonda avgust oyi – o‘quvchi va abituriyentlar uchun g‘alvir suvdan ko‘tariladigan palla. Shu kunlarda oliy ta'lim muassasalariga qabul imtihonlari bilan bir paytda, Prezident ta'lim muassasalari agentligi tarkibidagi ixtisoslashgan maktablarda ham imtihonlar davom etmoqda.

Bugun, 9 avgust – Mirzo Ulug‘bek nomidagi astronomiya, fizika, matematika va informatikaga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatiga yangi o‘quv yili uchun qabul imtihonlarining ikkinchi kuni.

Ota-onalar hayajon bilan Al-Xorazmiy maktabi darvozasi yonida to‘plangan.

“Imtihon boshlanganidan buyon ichkarida bolalarimizning test yechishlarini kuzatib turibmiz. Testni yechgan zahotiyoq o‘quvchilar olgan balli ekranda chiqyapti. Bolam 6 oydan beri shu maktabga kirish uchun tayyorlanayotgandi. Yaxshi natijadan umid qilyapmiz”, – deydi Mohira Sattorova.

Agentlik bo‘lim boshlig‘i Alisher Ubbiyev imtihonlar qay tartibda va necha kun davom etishi haqida ma'lumot berdi.

Alisher Ubbiyev

“Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi maktab hududida 7–12 avgust kunlari o‘tkaziladi. Imtihonlar 3 smenada – soat 08:00, 12:00, 16:00da bo‘ladi.

Kirish imtihonida 40tadan test topshiriqlari beriladi va uni bajarish uchun 120 daqiqa vaqt ajratiladi, imtihonlarning qayta o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonlar kompyuterda topshiriladi va natijalar ball ko‘rinishida o‘sha vaqtning o‘zidayoq kompyuter ekranida ko‘rinadi”, – dedi Alisher Ubbiyev.

Test imtihonlari o‘tgan yilgidan farqli ravishda kompyuterda o‘tkazilyapti. Shu sabab jarayonni mukammal tashkillashtirish uchun xorijdan ham mutaxassislar jalb qilingan. Ulardan biri – Buyuk Britaniyadan chaqirilgan Qosim Zaidi.

Qosim Zaidi

“Men Londonda kompyuter fanlari bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlayman. Bu yerda 3ta ixtisoslashtirilgan maktablar uchun imtihon bo‘lyapti. Maktablarda kompyuterda imtihonni tashkillashtirish masalalariga qarashyapman.

Ko‘rib turganingizdek, imtihonlar adolatli o‘tyapti, o‘quvchilar hech nimadan ko‘chirishmayapti. Barchasi juda mukammal va silliq o‘tyapti. Imtihonlar agentlik tomonidan juda yaxshi tashkillashtirilgan”, – dedi xalqaro mutaxassis.

O‘quvchilar testlarni yechib bo‘lgach, natijalarga qiziqib, ularni ham savolga tutdik. Biz duch kelgan aksar o‘quvchilar 20–30 atrofida ball yig‘a olishgan. Maksimal ball esa – 94. Biz bilimli o‘quvchilarga omad tilab qolamiz.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Mavzuga oid