Qoida tariqasida, respublikada yetishtiriladigan qoramollar tuyoqlari sonini ko‘paytirish maqsadida faqat import qilingan zotdor mollargina bank mablag‘lari evaziga beriladi.

Qoida oddiy: talabgorlar arizani onlayn to‘ldirishadi. Tuman komissiyasi arizani sektor rahbarlariga yo‘naltiradi. Ularning ijobiy xulosasiga ko‘ra bank kafolat xati beradi va ta'minotchidan qoramol olinadi va hujjatlashtiriladi. So‘ngra bank kafolat xatida ko‘rsatilgan muddatda mablag‘ni ta'minotchi chorva korxonasiga o‘tkazib berishi lozim.

Biroq tahririyatimizga murojaat qilgan Nurobod tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan «Yangiobod nasl chorva mollari» MChJ fermer xo‘jaligi hamda «SAMARQAND MILK» MChJ vakillari «Xalq banki», «Agrobank» va «Mikrokreditbank»ning tumanlardagi bo‘limlari kafolat xatida ko‘rsatib o‘tilgan muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-da, hamon pul mablag‘larining ma'lum bir qismini to‘lamasdan paysalga solib kelishayotganini ma'lum qilishdi.

Nurobod tuman «Yangiobod nasl chorva mollari» MChJ menejyeri Zoyir Mamanovning aytishicha, «Yangiobod nasl chorva mollari» MChJga to‘lanishi lozim bo‘lgan summa «Xalq banki»ning tumandagi filiallaridan 399 mln so‘mni, «Agrobank»ning tumandagi filiallaridan 435 mln so‘mni, «Mikrokreditbank»ning Juma filialidan 50 mln so‘mni tashkil etadi.

«SAMARQAND MILK» MChJ direktori Atham Isaxanovning hujjatlardan ko‘rsatib berishicha, «Xalq banki»ning tumandagi filiallarida «SAMARQAND MILK» MChJdan qarz 260 mln so‘mni, «Agrobank»ning tumandagi filiallaridan esa 204 mln so‘mni tashkil etmoqda. Shuningdek, «Mikrokreditbank»ning Juma filialidan 30 mln so‘mni tashkil etadi.

Yetkazib berilgan qoramollar uchun pul mablag‘larining o‘z vaqtida to‘lab berilmayotgani fermer xo‘jaliklarida ma'lum bir muammolar keltirib chiqarmoqda. Korxonalar yem-xashak va ozuqa zaxirasini jamg‘arish, soliq, bojxona va bank oldidagi majburiyatlarini bajarishda qiyinchilikka duch kelmoqda.