Jamiyat | 11:08 / 13.08.2021
7008
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda harbiy xizmatchilarning qariyb 100 foizi koronavirusga qarshi emlangani ma'lum qilindi

O‘zbekiston armiyasining 90 foizdan ortig‘i 2 bosqichda, 61 foizi 3 bosqichda koronavirusga qarshi emlandi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bugungi kunga kelib O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining 94,7 foizi — 1-bosqichda, 91,6 foizi — 2-bosqichda, 61,1 foizi esa 3-bosqichda emlandi. Bu haqda vazirlik Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning avgust oyidan boshlangan Qurolli Kuchlar ishchi va xizmatchilarini emlash jarayonlarida ZF-UZ-VAC-2001 xitoy-o‘zbek vaksinasi, “Sputnik V” va Moderna vaksinalaridan foydalanilmoqda.

“Emlash ishlari Mudofaa vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, harbiy gospitallar, harbiy qism va muassasalar tibbiyot xizmatlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Emlash ishlarini sifatli tashkil etish maqsadida Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalar tibbiyot xodimlaridan 647 nafar vaksinatorlar tayyorlandi, shuningdek, tibbiyot punktlarida 81 ta emlash punktlari, Markaziy harbiy klinik gospitali, Markaziy shifoxona va harbiy gospitallarda 8 ta emlash brigadasi tashkil etildi,” – deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar prezident Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir, vazir va ko‘plab hokimlar O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan koronavirusga qarshi vaksinalardan biri bilan emlangani xabar berilgandi.

Mavzuga oid