“Lyubaya biznes xorosha” MChJ mansabdorlari ustidan jinoyat ishi sudga oshirilmoqda
Toshkent shahar prokuraturasi “Lyubaya biznes xorosha”, “Plati-leti” va “S 707” MChJlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini olib borgan ikki shaxs ustidan tergovni yakunladi.
“Lyubaya biznes xorosha”, “Plati-leti” va “S 707” MChJ mansabdor shaxslarining jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakunlanib, ish sudga oshirilmoqda. Bu haqda bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz'ga ma'lum qildi.
Shamsutdinovga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari yakuniga yetkazilgan. Tergov yakunida uchala jamiyatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini olib borgan 2 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e'lon qilinib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilmoqda.
Aytish joizki, ayblov aynan qaysi moddalar bo‘yicha e'lon qilingani hozircha noma'lum.
Ma'lumot uchun, mazkur jinoyat ishi JKning 179-moddasi (soxta tadbirkorlik) 1-qismi, 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2019 yildagi intervyularidan birida aytgan “Lyubaya biznes xorosha” jumlasi ommalashib ketgan edi. 2019 yil 16 avgustida Toshkent shahrida “Lyubaya biznes xorosha” MChJ yuridik shaxs sifatida, ulgurji savdo bilan shug‘ullanish maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.