Jahon | 19:33 / 15.08.2021
9133
2 daqiqa o‘qiladi

Aliyev Rossiyadan Armanistonga qurol yetkazishni to‘xtatishini kutayotganini aytdi 

Foto: RIA Novosti

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyadan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha uch tomonlama kelishuvning barcha bandlarini bajarishini kutayotganini aytdi. U Moskva Yerevanni qurollantirishni to‘xtatishiga umid qilayotganini alohida ta'kidlab o‘tdi. Aliyevning fikricha, Armaniston 2020 yilgi Qorabog‘ ixtilofi keskinlashgandan keyin yuz bergan hodisalarga ko‘nikib bo‘lgan.    

“Rossiya Armanistonni qurollantirishni to‘xtatishini kutmoqdamiz, biroq hozircha buni ko‘rmayapmiz. Bu borada bir nechta, jumladan Rossiya tomonidan bayonotlar bo‘ldi. Rossiya mudofaa vazirligi bir necha kun avval Armanistonga qurol yetkazilishi boshlanganini ma'lum qildi”, deb aytgan Aliyev CNN Turk telekanaliga bergan intervyusida. 

Ozarboyjon rahbarining ta'kidlashicha, Armaniston rahbariyati va xalqi “yangi vaziyat va mag‘lubiyatga ko‘nikdi”. Aliyev bu nuqtayi nazarini Nikol Pashinyan partiyasining Armanistondagi parlament saylovlarida g‘alaba qozongani bilan tushuntirgan. “Mag‘lub bo‘lgan rahbariyat xalq ishonchini olishi tarixda kuzatilmagan hodisadir. Shu sababli Armanistonni qurollantirish hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”, deb ta'kidlab o‘tgan Aliyev.

Ozarboyjon va Armaniston bir-birini chegarada bir tomon ikkinchi tomonni o‘qqa tutishida muntazam ayblab kelmoqda. 12 avgust kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi Ozarboyjon harbiylari tutashish chizig‘ini kesib o‘tishga harakat qilganini ma'lum qilgan.

2020 yil sentabr oxirida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘da boshlangan jangovar to‘qnashuvlar Boku, Yerevan va Moskva o‘rtasida uch tomonlama kelishuvning tuzilishi bilan barham topgandi. Unga ko‘ra, Armaniston mag‘lub tomon sifatida Tog‘li Qorabog‘dagi bir nechta tumanlarni Ozarboyjonga berishga rozi bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid