Jahon | 22:31 / 17.08.2021
51309
7 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistondagi kampaniya G‘arbga qanchaga tushdi?

Xorijiy mamlakatlar Afg‘onistondan harbiylarini olib ketgach va hokimiyat toliblar qo‘liga o‘tgach, BBC AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilari 20 yil davom etgan harbiy kampaniyaga qancha sarflaganini hisoblab chiqdi.

Foto: Getty Images

Toliblarga qarshi qanday kuchlar kurashgan?
Amerika harbiylari 2001 yil oktyabrida toliblarga qarshi harbiy kampaniya boshlagandi. Bunga amerikaliklar 11 sentabr teraktlari ortida turgan «Al-Qoida» yetakchisi Usama bin Lodin va tashkilotning boshqa rahbarlari Afg‘onistondan qo‘nim topgan, deb hisoblagani sabab bo‘lgandi.

Ushbu mamlakatga joylashtirilgan AQSh harbiylari soni yil sayin o‘sgan va 2011 yilga kelib 110 ming kishini tashkil etgan. Vashington doimiy ravishda «Tolibon»ga qarshi kurashish va Afg‘onistonning tiklanishini moliyalashtirish uchun milliardlab dollarlar ajratib kelgan.

O‘tgan yili Afg‘onistonda qoldirilgan amerikalik harbiy xizmatchilar soni atigi 4 ming nafar atrofida edi.

Rasmiy ma'lumotlarda hamisha ham maxsus amaliyotlar uchun yuborilgan kuchlar va boshqa topshiriqlar bilan ushbu hududda vaqtincha bo‘lib turgan bo‘linmalar aks etmagan.

NATO alyansining boshqa a'zolari ham o‘z kontingentlarini xalqaro koalitsiya doirasida ushbu mamlakatda saqlab turgan. Ammo koalitsiya tarkibining eng katta qismini amerikaliklar tashkil etgan.

NATO rasman 2014 yil dekabrida o‘z jangovar missiyasini yakunlagani haqida e'lon qilgan, ammo afg‘on xavfsizlik xizmatini o‘qitish hamda aksilterror amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun bu yerda 13 ming kishini saqlab turgan.

NATO kuchlari Afg‘on milliy armiyasini o‘qitishda yordam ko‘rsatgan

Shuningdek, Afg‘onistonda ko‘plab xususiy qo‘riqlash kompaniyalari faoliyat yuritgan. AQSh Kongressi tadqiqotida 2020 yilning so‘nggi choragidagi bu kompaniyalarda AQShning 7800 nafarga yaqin fuqarosi ishlayotgani ko‘rsatilgan.

Qancha mablag‘ sarflangan?
Afg‘onistondagi xarajatlarning ham ko‘p qismi AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi.

Amerika hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, 2010 yildan 2012 yilga qadar (bu muddatning ma'lum qismida Afg‘onistonda 100 mingdan oshiq askar saqlangan) urush uchun xarajatlar miqdori yiliga 100 milliard dollargacha yetgan.

Keyin Amerika qurolli kuchlari toliblar ustiga yurish qilishni to‘xtatib, urg‘uni afg‘on harbiylarini o‘qitishga qaratgan, shundan keyin xarajatlar keskin qisqargan.

Pentagonning yuqori martabali amaldori AQSh Kongressida bergan hisobotga ko‘ra, 2018 yilga kelib yillik xarajatlar miqdori 45 milliard dollar atrofida bo‘lgan.

AQSh Mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Afg‘onistondagi jami harbiy xarajatlar miqdori (2001 yil oktyabridan 2019 yil sentyabriga qadar) 778 milliard dollarni tashkil etgan.

Bundan tashqari, AQSh Davlat departamenti AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda boshqa hukumat agentliklari bilan tiklanish loyihalari uchun 44 milliard dollar sarflagan.

Shu tariqa, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 2001-2019 yillarda umumiy qiymat 822 mlrd dollarga yetgan. Ammo bu miqdorga Pokistondagi xarajatlar kirmaydi - AQSh bu mamlakat hududida Afg‘oniston bilan bog‘liq amaliyotlar uchun baza qurgan.

Braun universitetining 2019 yilgi tadqiqotida AQSh Afg‘oniston va Pokistondagi harbiy xarajatlar uchun 978 milliard dollarga yaqin mablag‘ ajratgani ma'lum qilingan (bu baho 2020 moliyaviy yili uchun ajratilgan pullarni ham o‘z ichiga olgan).

Afg‘onistonda AQShdan keyingi eng yirik harbiy kontingentlarga ega bo‘lgan Buyuk Britaniya va Germaniya urush davrida mos ravishda 30 va 19 milliard dollardan xarajat qilgan.

Barcha harbiylar olib chiqilishi rejalashtirilganiga qaramasdan, AQSh va NATO 2024 yilga qadar Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini moliyalashtirish uchun yiliga 4 milliard dollar ajratishni rejalashtirgandi.

Bu yili NATO Afg‘onistonga 72 million dollarlik mahsulotlar va jihozlar jo‘natgan.

Pullar qayerga ketgan?
Afg‘onistonda sarflangan pullarning asosiy qismi ayirmachilarga qarshi kurash amaliyotlari va askarlar ehtiyojlari (oziq-ovqat, ust-bosh, tibbiy xizmat, to‘lovlar va imtiyozlar) uchun yo‘naltirilgan.

AQSh Afg‘onistonning tiklanishiga ham yordam ko‘rsatib keldi

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2002 yildan buyon AQSh Afg‘onistonni tiklash uchun 143,27 milliard dollar xarajat qilgan.

Bu mablag‘ning yarmidan ko‘p qismi (88,32 milliard dollar) afg‘on xavfsizlik kuchlarini, shu jumladan Afg‘oniston milliy armiyasi va politsiyani mustahkamlashga ishlatilgan.

36 milliard dollarga yaqin mablag‘ boshqaruv va taraqqiyot uchun sarflangan, shundan kamroq summa giyohvandlikka qarshi kurash va insonparvarlik yordamlariga yo‘naltirilgan.

Shu bilan birgalikda, bu pullarning bir qismi yillar davomida firibgarlik hamda mansabni suiiste'mol qilish holatlari tufayli talon-toroj bo‘lgan. 

AQSh Kongressining 2020 yil oktyabrdagi hisobotida Afg‘onistonni tiklash bo‘yicha sa'y-harakatlarni nazorat qiluvchi kuzatuv organi 2009 yil mayidan 2019 yil 31 dekabriga qadar shu kabi holatlar tufayli 19 milliard dollarga yaqin mablag‘ yo‘qotilganini hisoblab chiqqan.

Afg‘on xavfsizlik kuchlari katta qurbonlar bergan

Qancha odam halok bo‘lgan?
«Tolibon»ga qarshi urush boshlangan 2001 yildan buyon koalitsiya a'zolarining 3500 nafardan oshiq askari halok bo‘lgan, shundan 2300 nafardan ortig‘i amerikaliklar.

450 nafardan ortiq britaniyalik harbiy xizmatchi harbiy harakatlar qurboniga aylangan.

Shuningdek, AQSh qo‘shinlarining 20 ming 660 askari turli darajada tan jarohatlari olgan.

Shu bilan birga, bu raqamlar afg‘on xavfsizlik kuchlari hamda tinch aholi bergan qurbonlar bilan solishtirganda yuqori ko‘rinmaydi.

2019 yilda prezident G‘ani u mamlakatni boshqargan besh yil ichida afg‘on xavfsizlik kuchlarining 45 ming xodimi halok bo‘lganini aytgandi.

Braun universiteti baholariga ko‘ra, 2001 yil oktyabridan buyon Afg‘oniston milliy qurolli kuchlari va politsiya vakillaridan 64 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

BMTning Afg‘oniston bo‘yicha missiyasi ma'lumotlariga ko‘ra esa tinch aholi vakillarining yo‘qotishlari hisoblanishi boshlangan 2009 yildan keyin 111 ming kishi o‘ldirilgan yoki yaralangani qayd etilgan.

Mavzuga oid