Jahon | 22:45 / 18.08.2021
7479
2 daqiqa o‘qiladi

Si Tszinpin “ortiqcha daromadlar”ga qarshi kurashishga chaqirdi

Xitoy raisi Si Tszinpin moliyaviy va iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda “ortiqcha daromadlar”ga qarshi kurashish zarurligini aytdi va yuqori daromadga ega fuqarolar va kompaniyalarni sotsializm talab qilganidek, “umumiy farovonlik”ni ta'minlash uchun “jamiyat bilan ko‘proq bo‘lishish”ga chaqirdi.

“Umumiy farovonlik – bu barcha odamlar farovonligidir. Bu xalqning ma'naviy va moddiy hayoti. Bu oz sondagi alohida odamlarning farovonligi va hammani tenglashtirishga urinish emas”, deb aytgan Xitoy yetakchisi.

E'tiborlisi, bu yig‘ilish Xitoy raisi iyul oxiridan beri ishtirok etgan ilk yig‘ilish bo‘ldi. CNBC telekanalining xabar berishicha, oxirgi 2 hafta davomida uni hech kim ko‘rmagan. Odatda avgust boshida Xitoy rahbariyati Beydayxe kurortida siyosiy masalalar bo‘yicha yopiq muhokama o‘tkazadi.

“Umumiy farovonlik” mavzusi Xitoyda yuqori texnologiya kompaniyalarini nazorat qilish kuchaytirilgani ortida oxirgi vaqtda Xitoy hukumati tomonidan faol tarzda ko‘tarilmoqda. 

Credit Suisse’ning baholashicha, Xitoyning eng boy odamlarining 1 foizi mamlakatdagi butun boylikning 31 foiziga egalik qiladi. Ta'kidlanishicha, bu 10 yil avvalgidan 21 foiz ko‘proqni tashkil qiladi. Tahlilchilarning fikricha, umumiy farovonlikni ta'minlash uchun Xitoy hukumati axborot texnologiyasida faoliyat olib boruvchi kompaniyalarga soliq stavkalarini imtiyozli 10 foizdan qolgan sohalardagi kompaniyalar uchun amal qiluvchi stavka – 25 foizgacha ko‘tarishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid