O‘z videomurojaatini G‘ani BAAdan turib yo‘llagan, ushbu mamlakat hukumati unga «insonparvarlik nuqtayi nazaridan» boshpana berilgani haqida ma'lum qilgandi.

Feysbukdagi sahifasiga joylashtirgan videomurojaatida G‘ani u mamlakatdan katta miqdordagi pulni olib chiqib ketgani haqidagi xabarlar asossizligini ta'kidlagan. Avvalroq Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Agbar Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida G‘anining qochishini «davlat va millatga xiyonat» deb atab, u davlat g‘aznasidan 169 million dollar o‘g‘irlagani haqida gapirgandi.

«Meni o‘zim bilan pul olib ketganlikda ayblashmoqda. Lekin bu gaplar yolg‘on, men ustimdagi ko‘ylak, salla va poyabzal bilan mamlakatdan ketdim, bitta sumkada bir nechta kitob olib ketoldim, xolos.

Hozir men maslahatlashuv o‘tkazmoqdaman va afg‘onlar uchun adolat tiklanishi bo‘yicha sa'y-harakatlarni davom ettirish maqsadida mamlakatga qaytmoqchiman», degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uni mamlakatdan chiqib ketishga majburlashgan. «Agar men qolganimda, bemisl qon to‘kilishiga guvoh bo‘lardim», deya qo‘shimcha qilgan u.

Toliblarning hokimiyatga kelishi. Kobul nima uchun buncha tez quladi?

«Qonuniy prezident v.b» Amrulla Solih qarshilik qilishda davom etadi

Xalqaro hamjamiyat «Tolibon»ni legitim hukumat sifatida tan olish masalasini ko‘rib chiqayotgan vaqtda, Afg‘onistonning birinchi vitse-prezidenti Amrulla Solih toliblar hokimiyatini tan olmasligini bildirib, o‘zini Afg‘onistonning «qonuniy vaqtincha prezidenti» deb e'lon qilgan.

U Afg‘oniston Konstitutsiyasiga muvofiq, prezident iste'foga chiqqan, qochqinlikka ketgan, vafot etgan yoki davlatni boshqarishga layoqatsiz bo‘lib qolgan holatlarda uning vazifasini bajarish vaqtincha vitse-prezident zimmasiga o‘tishini eslatmoqda.

France24 xabariga ko‘ra, seshanba kuni unga sodiq kuchlar shimoldagi Panjsher viloyati tumanlarini egallashgan va bu hudud uning tayanchiga aylangan. Solih ushbu viloyatda mustahkam o‘rnashib olmoqda va dunyo yetakchilarini uni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Zohir Agbar chorshanba kuni Panjsher toliblarga qarshilik harakati o‘chog‘iga aylanganini ma'lum qildi. «Faqat vitse-prezident Amrilla Solih rahbarligidagi Panjsher qarshilik ko‘rsatmoqda», degan u.