Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xomashyo import bojidan ozod etiladi - Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot davomida soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish haqida gapirdi.
“Ma'lumki, so‘nggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Ko‘pchilikning esidan chiqqan bo‘lishi mumkin, yaqingacha Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga biznes uchun og‘ir yuk bo‘lgan 3,2 foizli yig‘imlar to‘lanar edi. Ushbu yig‘imlar korxonalarning foydasidan qat'i nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 20-25 foiz foydasiga teng bo‘lgan. Budjetdan tashqari jamg‘armalarga mazkur yig‘imlarni bekor qilish hisobiga, 7 mingga yaqin korxonalar har yili o‘rtacha 6 trillion so‘m soliq to‘lashdan ozod bo‘ldilar.
Mol-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi. Aniq misollar bilan gapiradigan bo‘lsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, to‘qimachilik va elektrotexnika sanoatida esa 20 foizgacha kamaydi.
Ayniqsa, pandemiya davrida xarajatlarimiz keskin oshganiga qaramay, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi, ko‘proq zarar ko‘rgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va yer soliqlari to‘lovlaridan butkul voz kechildi. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlar ixtiyorida qolgan 2 trillion so‘m mablag‘ni biznes faoliyatiga sarflash imkonini berdi.
Lekin, soliq stavkalari va soliq ma'murchiligi bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilayotgan haqli savollar hali ko‘p. Birinchidan, o‘tgan yili yangi Soliq kodeksi amalga kiritilganidan keyin 23 ta maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari avvalgi imtiyozlarimiz saqlanib qoladimi yoki yo‘qmi, deb bezovta bo‘lmoqdalar. Bu borada bir fikrni aniq qilib aytmoqchiman: 2020 yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar, iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi. Bunga qonun bilan kafolat berilgan. Jumladan, ushbu tadbirkorlar investitsiya miqdoridan kelib chiqib, mol-mulk, yer va suv soliqlaridan 10 yilgacha ozod qilingan edi. Endi, ushbu imtiyozlarga foyda solig‘i ham qo‘shiladi va korxonalar ixtiyorida yiliga qariyb 300 milliard so‘m mablag‘ qoladi.
Shuningdek, ichki bozorda teng raqobat bo‘lishi uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xomashyo import bojidan ozod etiladi.
Lekin, bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish bo‘yicha katta islohotlarni olib boryapmiz. Shu bois, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi. Ushbu tartib tadbirkorlarga bir yilda o‘rtacha 350 milliard so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablag‘larini ko‘paytirish imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi”, dedi prezident.
Mavzuga oid
18:03 / 24.08.2025
Iordaniya podshohi davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
14:35 / 18.02.2025
“Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi joriy etiladi
11:50 / 18.02.2025
Namanganda gazdan o‘g‘rincha foydalanib kelgan tadbirkor aniqlandi
18:54 / 17.02.2025